100 yoshli Mahbuba ona holidan xabar olindi
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan joylarda keksa avlod vakillari, urush va mehnat faxriylarining holidan xabar olinmoqda. Ularga hurmat-ehtirom va e’tibor ko‘rsatilib, qadrini ulug‘lashga harakat qilinmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisining Yoshlar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nilufar Matkarimova boshligidagi partiya vakillari ham samarqandlik 100 yoshli Mahbuba ona Rustamova xonadonida bo‘ldilar.

Mahbuba ona Rustamova suhbat davomida Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi suronli yillardagi zahmatlarini xotirlab, mehmonlarga so‘zlab berdi. Onaxon og‘ir va qiyin damlarni esga olar ekan, bugungi tinch-osoyishta, farovon va to‘kin hayotning qadriga yetish zarurligini bildirdi.

Shuningdek, Prezidentimiz va hukumat tomonidan keksalarga, urush va mehnat faxriylariga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibordan mamnun ekanligini samimiyat bilan qayd etdi. Mahbuba ona qo‘llarini duoga ochar ekan, yurt obodligiyu farovonligi bardavom bo‘lishini, farzandlarimiz Vatanga kamarbasta bo‘lib ulg‘ayishini so‘rab tilak bildirdi.
M.Komilova, O‘zA