10 nafar bokschimiz Osiyo chempionati finalida
8 dekabr kuni Tailandning Chiangmay shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida davom etayotgan Osiyo chempionatining yarim final janglari o‘tkazildi.
E’tiborli jihati, final yo‘llanmasi uchun kechgan shiddatli janglarda ringga ko‘tarilgan 10 nafar bokschimiz g‘alabaga erishdi.
-48 kg. vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Shodiyorjon Meliqo‘ziyev yarim finalda filippinlik Jay Bryan Barikuatroni 5:0 hisobida mag‘lub etdi.
Shuningdek, -51 kg.da Asilbek Jalilov — Pasindu Godakandalage (Shri-Lanka)ni, -54 kg.da Shahzod Muzaffarov — Yelmir Nabiyev (Ukraina)ni, -57 kg.da Mirazizbek Mirzahalilov — Ian Klark Bautista (Filippin)ni, -63,5 kg.da Adhamjon Muhiddinov — Mark Ashley Fajardo (Filippin)ni, -67 kg.da Mujibillo Tursunov — Bunjong Sinsiri (Tailand)ni, -71 kg.da Havasbek Asadullayev — Byamba-Erdene Otgonbaatar (Mo‘g‘iliston)ni, -75 kg.da Javohir Ummataliyev — Cheng-En Liu (Xitoy Taypeyi)ni, -80 kg.da To‘rabek Habibullayev — Yerassil Jakpekov (Qozog‘iston)ni, -86 kg.da Jasurbek Yo‘ldoshev — Ahmadjon Saidov (Tojikiston)ni dog‘da qoldirdi.

Jahongir Zokirov Osiyo chempionatini bronza medali bilan yakunlaydigan bo‘ldi. Bokschimiz +92 kg. vaznda qozog‘istonlik Oybek Oralbayga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Yarim finaldagi eng qiziqarli janglardan biri 63,5 kg. vazn toifasida kechdi. Hamyurtimiz Adhamjon Muhiddinov filippinlik Mark Ashley Fajardoga qarshi jangda ikki bor nokdaun holatiga tushgan bo‘lsa-da, yakunda 3:2 hisobida g‘oliblikka erishdi.
Shuningdek, -75 kilogrammda oltin medalga da’vogarlik qilayotgan Javohir Ummataliyev va Xitoy Taypeyi vakili Cheng-En Liuga qarama-qarshiligi ham qiziqarliligi bilan ajralib turdi. Hamyurtimiz raqibini nokdaun evaziga mag‘lub etgani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionatining final janglari 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA