1-sinfga qabul: Bir nechta maktabga ariza berish mumkinmi?
2026–2027 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul jarayonlari 20-iyundan boshlanadi. Shu munosabat bilan ota-onalarni qiziqtirayotgan eng muhim savollarga rasmiy javob berildi.
Ota-onalar farzandini birinchi sinfga joylashtirish uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta maktabga ariza topshirishi mumkinmi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq maktabga ariza yuborish imkoniyati mavjud emas.
Joriy yil 20-iyundan 31-iyulgacha bola yashash manziliga biriktirilgan mikrohududdagi bitta maktabga ariza topshirish mumkin. 1-avgustdan 31-avgustgacha — mikrohududdan tashqarida joylashgan ikkinchi maktabga ariza yuborish imkoniyati yaratiladi.
Xorijiy fuqarolar farzandlarini maktabga qanday joylashtirishi mumkin?
O‘zbekistonda vaqtincha yoki doimiy yashab turgan xorijiy davlat fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar farzandlarini 1-sinfga qabul qilish uchun elektron tarzda murojaat qilishi mumkin.
Buning uchun my.maktab.uz platformasi orqali yoki my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar farzandlarini O‘zbekiston Respublikasining umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish” xizmati orqali ariza yuboriladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2026–2027 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul jarayonlari 20-iyun kuni rasman start oladi. Ota-onalarga hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yish tavsiya etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA