1 kilo paxtaga 1 ming 430 so‘mdan haq to‘lanmoqda
Jizzax viloyati Zafarobod tumani hokimi N.Radjapov joriy yilning 19 sentyabr kuni "Tinchlik" suv iste’molchilari uyushmasi hududida Surxondaryo viloyatidan paxta yig‘im-terimiga kelgan hasharchilar bilan uchrashdi.
Zafarobodlik mirishkorlar joriy mavsumda shartnomaviy rejaga ko‘ra 30 ming 588 tonna paxta xirmoni choshlab, hosildorlikni 34 sentnerga yetkazishni rejalashtirgan. Ayni paytda paxta dalalarida 4 mingga yaqin band bo‘lmagan aholi va 3 ming nafardan ziyod qo‘shni viloyatlardan hasharchilar ishtirok etmoqda.
Kuni kecha tuman bo‘yicha dalalardan yig‘ib olingan ming tonnadan ortiq hosilning 500 tonnadan ortig‘ini yig‘im-terimga chiqqan tuman aholisi va qo‘shni viloyatlardan kelgan fidoiy hasharchilar tergan. Paxta terimiga kelgan hasharchilar yotoqxona, 2 mahal issiq ovqat, toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Tergan paxtalari uchun har 3 va 5 kunda 1 kilosiga 1 ming 430 so‘mdan haq to‘lanmoqda.
Bundan tashqari, hasharchilarning xohishlariga qarab terimda ishtirok etayotganlari uchun oylik maosh yoki har 70 kilogramm tergan paxtasi uchun 1 litrdan o‘simlik yog‘i tarqatilmoqda. Har 5 kunlik yakuniga ko‘ra yig‘im-terimda yaxshi natija ko‘rsatgan hasharchilar rag‘batlantiriladi.
"Tinchlik" SIUda o‘tgan uchrashuvda dastlab 5 kunlik yakunlariga ko‘ra yig‘im-terimda faol ishtirok etganlarga tashakkur aytilib, ilg‘or terimchilar qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ko‘pming kilogrammchi terimchilarga sovg‘alarni Zafarobod tumani hokimi hamda “Jizzax Kenteks” paxtachilik klasteri rahbari topshirdi.
Shundan so‘ng, tuman hokimi terimchilar tomonidan berilgan savollarga javob berdi.
<iframe width="1350" height="639" src="https://www.youtube.com/embed/C2Y29GjUuOw" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (video tasvir) O‘zA