Zo‘ravonlikning oldini olish – jamiyat xavfsizligini ta’minlashning muhim sharti
Bugun yurtimizda inson qadri, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning xavfsizligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli huquqiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Zero, oiladagi osoyishtalik nafaqat bir xonadon, balki butun jamiyat barqarorligining muhim omilidir. Xotin-qizlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy tazyiq, inson qadr-qimmatini kamsitish, do‘pposlash kabi holatlar nafaqat jabrlanuvchining huquqlarini buzadi, balki farzandlar tarbiyasi, oila muhiti va jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu masalaga munosabat tubdan o‘zgardi. Ilgari oilaviy nizolar ko‘pincha “er-xotinning o‘zaro kelishmovchiligi”, “oilaviy janjal” sifatida qabul qilinib, uning huquqiy oqibatlariga yetarlicha e’tibor qaratilmagan bo‘lsa, bugun tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabat shakllanmoqda.
Tasavvur qilaylik: turmush o‘rtog‘i bilan kelishmovchilikka borgan ayol mojaro yanada keskinlashib ketishining oldini olish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘iniga murojaat qiladi. U yerda profilaktika inspektori, mahalla raisi yoki ijtimoiy xodim bilan suhbatlashib, muammosiga yechim izlaydi. Ammo murojaat o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmasa, mas’ullar unga jiddiy yondashmasa, oddiy nizo asta-sekin katta janjalga aylanishi mumkin.
Oqibatda esa vaziyat jismoniy zo‘ravonlikkacha borib yetadi. Shundan so‘nggina tezkor choralar ko‘riladi, mas’ullar xonadonga tashrif buyuradi, himoya mexanizmlari ishga tushadi.
Islohotlarning asosiy maqsadi ham aynan shu – muammoni oqibat bosqichida emas, uning ildizida bartaraf etish. Shu ma’noda, mahalla tizimidagi har bir mas’ulning vazifasi faqat hisobot ko‘rsatkichlarini bajarish emas, balki xonadondagi ijtimoiy muhitni o‘rganish, muammoli oilalar bilan manzilli ishlash va xavfni oldindan aniqlashdan iborat bo‘lishi kerak.
Ayniqsa, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini erta aniqlashda mahalla, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim, xotin-qizlar faollari va boshqa mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish zarur.
Bugun ijtimoiy himoya tizimida inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan yangi yondashuvlar shakllanmoqda. Jabrlangan shaxsga huquqiy yordam ko‘rsatish, psixologik qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va uning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mexanizmlar takomillashtirilmoqda.
Biroq reabilitatsiyadan keyin ham zo‘ravonlikning takrorlanishi jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Agar zo‘ravonlik sodir etgan shaxs bilan profilaktik ishlar samarali olib borilmasa, jabrlanuvchi yana o‘sha muhitga qaytsa yoki xavf omillari bartaraf etilmasa, avvalgi holat takrorlanishi mumkin.
Shu bois profilaktika tizimida “holat sodir bo‘ldi – chora ko‘rildi” tamoyilidan “xavf aniqlandi – oldi olindi” tamoyiliga o‘tish muhim.
Tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish ham muhim.
Bugun mahalla Yangi O‘zbekiston islohotlarida inson bilan davlat o‘rtasidagi eng yaqin va ta’sirchan bo‘g‘inga aylanmoqda. Shu sababli oilaviy nizolarning oldini olishda ham mahallaning roli beqiyos.
Mahalla mas’ullari uchun eng muhim vazifa fuqaro og‘ir ahvolga tushganidan keyin emas, balki muammoning dastlabki belgisi paydo bo‘lgan paytda uni qo‘llab-quvvatlashdir.
Ayolning murojaatiga “oilaviy masala” sifatida emas, balki uning xavfsizligi va huquqlari bilan bog‘liq masala sifatida yondashish zarur. Bir qarashda oddiy tuyulgan tortishuv ortida uzoq vaqt davom etgan ruhiy bosim, iqtisodiy qaramlik yoki jismoniy zo‘ravonlik yashirin bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun har bir murojaat jiddiy o‘rganilishi, xavf darajasi baholanishi va zarur hollarda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida aniq chora-tadbirlar belgilanishi lozim.
Zo‘ravonlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu mahalla, oila, ta’lim muassasalari, ijtimoiy himoya tizimi, fuqarolik jamiyati institutlari va har bir fuqaroning umumiy mas’uliyati.
Eng muhimi, jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan befarqlik va murosasizlik muhitini shakllantirish zarur. “Oilaviy ish”, “er-xotinning o‘rtasidagi gap” degan qarashlar ortida inson huquqlari poymol etilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson va uning qadri turibdi. Demak, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, oilada sog‘lom muhitni ta’minlash va nizolarni barvaqt bartaraf etish ham ushbu ezgu maqsadning uzviy qismi bo‘lishi kerak.
Zo‘ravonlik sodir etilgandan keyin uning oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra, uning birinchi belgilarini o‘z vaqtida ko‘rish, murojaatni e’tiborsiz qoldirmaslik va zarur chorani darhol ko‘rish samaraliroqdir.
Shu ma’noda, har bir murojaat oddiy shikoyat emas, balki ehtimoliy fojianing oldini olish imkoniyati. Bu imkoniyatdan samarali foydalanish esa mahalladan tortib barcha mas’ul tuzilmalargacha bo‘lgan tizimning asosiy vazifasi bo‘lishi lozim.
Elbek Ikromov,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiyaning
Navoiy viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA