Zomin seminari: adabiy diydorlashuv
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Jizzax viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari she’riyat bayrami sifatida qizg‘in ruhda o‘tmoqda.
Bu yilgi ushbu adabiy tadbirning o‘ziga xosligi unda mamlakatimizdagi ijod maktablarining o‘quvchilari ham o‘z ustozlari bilan birga ishtirok etmoqda.
Seminar doirasidagi «She’riyat oqshomlari», mushoiralar davomida yosh qalamkashlarning she’r aytish bo‘yicha katta navbatini ko‘rishning o‘zi qanchalar zavqli. Ayni paytda ustoz ijodkorlarning o‘zlari dastxat yozib bergan kitoblar qatnashchilar uchun yoqimli, shu bilan birga kutilmagan sovg‘a, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
– O‘tgan asrning 96-97 yillarida ochilgan Zomin seminari o‘z mavqei va maqomini yo‘qotmay kelmoqda, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Bugun ona yurtimizning shonu-sharafini jahonga taratishda iste’dodli yoshlarimiz ham faol hissa qo‘shib kelmoqda. Kuni kecha mamlakatimizda katta tantana bilan nishonlangan Yoshlar kunida ham navqiron avlodga bo‘lgan e’tibor yana bir karra namoyon bo‘ldi. Yoshlik sururi mangu emas. Taraqqiy etayotgan davru zamonimizda yoshlar Vatanimizning, har fursat, har imkoniyatning qadriga yetishi kerak. Bu seminar bir diydorlashuv. Ezgulik shiorimiz – ma’rifat qurolimiz, degan g‘oya yoshlarning kundalik shioriga aylanishi kerak. Yosh avlod O‘zbekiston yoshlari, degan yuksak nomga munosib bo‘lishlarini istardim.
[gallery-18126]
– Yozishga ixlos qo‘yganlar ko‘p, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim. – Har bir yoshning ko‘nglida bir she’riyat bo‘ladi. Shu tadbirda qatnashayotgan yoshlar kelgusida katta ijodkor bo‘lib yetishini xohlayman. Lekin ko‘p jihatlar yoshlarning o‘ziga bog‘liq. Ular o‘qib, o‘rganishdan, maqsad sari astoydil intilishdan charchamasligi kerak. Yozuvchilik yozishdan emas, asosan o‘qishdan iborat. Bir necha yillar avval « internet bor, o‘qishning nima keragi bor», degan xato g‘oyalar ham paydo bo‘ldi. Navoiy o‘zining ilk devonini 24 yoshida yozgan. Yoshlarimiz kimlarning avlodi ekanini anglashi kerak. O‘zbekiston – iste’dodlar yurti. Lekin umr yo‘llarida iste’dodning behuda sarflanishi yomon. Bizning adabiyotga qancha iste’dod bo‘lsa ham sig‘adi. Men seminar degan gapni yoshligimda bir marta ko‘rganman. O‘shanda gumburlatib she’r o‘qigan edim. Hamon o‘sha shijoat bilan kelyapman. Yoshlarimiz o‘z iste’dodlarini to‘g‘ri sarflashini istardim.
– Bu yerga mamlakatimizning turli shaharu qishloqlaridan, olis ovullardan yosh ijodkorlar kelishgan, – dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Kenesboy Karimov. – Toshkentdan chiqib, go‘zal Zominga kelguncha Vatanimizning qanchalik taraqqiyotga intilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bizning ko‘rganlarimiz yozganlarimizga ta’sir ko‘rsatadi. Qoraqalpog‘istondan ham bu seminarda qatnashish istagidagi yoshlar ko‘p edi. Ularning eng iste’dodlilari bu yerga kelishga musharraf bo‘ldi. Shamol qanday tezlik bilan essa, yoshlik ham shunday tez o‘tib ketadi. Bugungi adabiyot darg‘alaridan yoshlar o‘zlari uchun kerakli bilimlarni olib qolishi zarur.
– Zomin juda chiroyli maskan ekan, – dedi Andijondagi Muhammad Yusuf nomli ijod maktabi o‘quvchisi Mohlaroyim Zafarjonova. – Biz kabi yoshlarni qo‘llab-quvvatlab shunday seminarlar o‘tkazilayotganidan juda mamnunmiz. Bularning bari ijodga, o‘qib-izlanishga katta mas’uliyat bilan yondashishga undamoqda.
Darhaqiqat, bugungi dorilomon davrlar, har jihatdan qulay sharoitlarning qadriga yetmoqlik muhim. Mushoira juda maroqli o‘tdi. Har holda eng mohir notiq ham ustoz shoirlarning o‘zidan o‘tkazib she’r o‘qiy olmaydi. Shu bilan birga yosh ijodkorlar, ba’zan o‘n besh-o‘n olti yoshli qizchalarning «telbavor oshiqlik», gohi ko‘zlari yonib turgan yigitchalarning esa «achchiq taqdir, og‘ir qismat» haqidagi she’rlari biroz erishdek tuyuldi. Negaki, ota-ona, xalq, Vatan oldidagi mas’uliyat, degan oliy tushunchalar shoirlikni mashq bilgan yoshlarga ko‘proq oshno bo‘lishi kerak emasmi?!
Yana bir jihati – mashhur shoirlar hech qachon telefonga qarab o‘z she’rlarini o‘qishmagan, o‘qishmaydi ham. Texnika jadal rivojlangan hozirgi davrda ham ustozlar o‘z ijodidan namunalarni yoddan, o‘zgacha ohang, takrorlanmas yo‘sinda yod aytib beradi. Bugungi yoshlar ustozlarning ayni jihatlaridan ibrat olib, she’rlarini telefon yordamida emas, yoddan o‘qishlarini istardik. Ularning iste’dodi, ijodkorlik salohiyati ham shunda to‘kis namoyon bo‘ladi. Jo‘shqin ruhda o‘tayotgan seminardan olgan ilk taassurotlar shunday.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/b35t3_Pt7qw?si=8-xt75AKaHt1jx1n" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nazokat Usmonova, Jamshid Yorbekov (suratlar), O‘zA