Ziyolilarning peshqadam vakili
Bu yorug‘, biroq o‘tkinchi dunyoda insondan qoladigani faqat yaxshilik, ezgu amallar, savobli yumushlar, yaxshi nom ekan. Davralarda, anjumanlarda, ustoz yozuvchilarning memuar asarlarida taniqli ijodkor, ustoz adib, davlat va jamoat arbobi Sarvar Azimov faqat yorug‘ xotiralar, ko‘pchilik – ijodkor ziyolilar, talabalar, yosh qalamkashlarni qo‘llab-quvvatlab, el-yurt manfaati yo‘lida fidokorona mehnat qilganini juda ko‘p eshitganmiz, o‘qiganmiz.
20 may kuni xalqimizning ardoqli farzandi, atoqli jamoat arbobi Sarvar Azimov tavallud topganiga 100 yil to‘ldi.
Respublikada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Sarvar Azimov – o‘zbek sovet adabiyotshunosi, yozuvchi, dramaturg, davlat arbobi edi. Sarvar Azimov yurtimiz ijodkor ziyolilarining eng peshqadam vakillaridan edi.
Manbalarga ko‘ra, taniqli dramaturg va adabiyotshunos Sarvar Azimov 1923 yil Jizzax shahrida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan.
Toshkentdagi O‘rta Osiyo Davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetida tahsil olgach (1942-1946), aspiranturada ta’lim oldi. Ustoz ijodkor filologiya fanlari doktori edi.
Sarvar Azimov Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, sektor mudiri, direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan edi. 1980-1985 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasining birinchi kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Yozuvchi Respublika Madaniyat ishlari vaziri, Respublika hukumati raisining o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri kabi vazifalarda mehnat qildi.
Yozuvchining adabiy faoliyati 1948 yildan boshlangan. U "Qonli sarob", "Yulduzlar jamoli“, "Zamon dramasi" kabi pesalar, "Kamalak", "Ikki dil – ikki olam" nomli povestlar, ko‘plab hikoyalar, kino ssenariylar, adabiy jarayonlar masalalariga bag‘ishlangan adabiy-tanqidiy va publitsistik maqolalar muallifi edi.
Adabiyotshunoslar fikricha, Sarvar Azimovning "Zamon" dramasi o‘zining g‘oyaviy-badiiy puxtaligi bilan dramaturg ijodida alohida o‘rin tutadi. Bu asarda mustamlakachilik kishanlarini parchalab, o‘z mustaqilligiga ega bo‘layotgan chet el xalqlarining hayoti, milliy ozodlik kurashining Sharqqa keng yoyilib, borayotgani tasvirlangan.
Sarvar Azimov barcha dramatik asarlarida o‘zi guvoh bo‘lgan tarixiy davrning muhim muammolarini ko‘tardi. Xorijiy xalqlar hayotidan olingan asarlari bilan o‘zbek dramaturgiyasini yangi mavzu, yangi shakl, yangi obrazlar bilan boyitdi.
Sarvar Azimovning o‘z xalqi, Vataniga, adabiyotga sadoqati, yaxshilikni mudom shior bilgani hozirgi avlod uchun ibratdir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika "Nuroniy" jamg‘armasi kabi tashkilotlar tomonidan atoqli ijodkorning hayoti, faoliyatiga oid turkum anjumanlar, xotira tadbirlari, davra suhbatlari, uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
N.Usmonova,
O‘zA