Ziyofat qotillik bilan tugadi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani Qonliko‘l mahallasida 32 yoshli A.O.ning yashash uyi oldida turgan qamish presslar ustida tashkil etilgan ziyofat qotillik bilan tugadi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ma’lum qildi.
2021 yilning 26 aprel kunidan 27 aprel kuniga o‘tar kechasi soat 00:30 larda 32 yoshli A.O. tanishlari 32 yoshli K.B., U.K. va 26 yoshli B.Q. bilan spirtli ichimlik iste’mol qilib o‘tirib, mast holatda K.B. bilan janjallashib qoladi. Uni yuz qismiga va tanasining turli joylariga urganligi oqibatida hodisa joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan A.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishi doirasida janjalning kelib chiqish sabablari o‘rganilib, huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA