Zelenskiy AQSH muzokarachilarini Ukrainaga hurmatsizlikda aybladi (+video)
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerni Ukrainaga nisbatan hurmatsizlikda aybladi, deb xabar berdi DW nashri.
Zelenskiy davlat televideniyesida bergan intervyusida: “Kiyevga kelmasdan Moskvaga borish, bu hurmatsizlik”, - degan u.
U urush ketayotgan mamlakatga kelish qiyinligini aytar ekan, lekin boshqalar Kiyevga baribir kelayotganini ta’kidladi. “Bu bizdan ko‘ra, ko‘proq ular uchun muhim”, degan.
Zelenskiy Rossiya talab qilayotganidek Ukraina qo‘shinlarini Donetsk va Luganskdan olib chiqishni yana rad etdi. Uning fikricha, bu Ukraina uchun katta strategik mag‘lubiyat bo‘ladi.
Uning aytishicha, agar Ukraina himoya chiziqlaridan voz kechsa, mamlakat zaiflashadi va armiyaning ruhiyatiga ham zarar yetadi. Shuning uchun urushni to‘xtatish yo‘li, jarayonlarni hozirgi front chizig‘ida muzlatish, deb hisoblaydi.
Zelenskiy Donbassdan qo‘shin chiqarish bilan bog‘liq xavflar haqida ham gapirdi. Uning fikricha, u yerda qancha odam qurbon bo‘lgani inobatga olinsa, bu qaror ya’ni Donbassni tark etish mas’uliyatsizlik bo‘ladi.
Shuningdek, agar xavfsizlik kafolatlari bo‘lmas ekan, Rossiya keyinchalik yana hujum boshlashi mumkinligini ta’kidladi.
U Ukraina hozir to‘rt yildan beri G‘arb yordamiga tayanib Rossiya bosqiniga qarshi kurashayotganini bildirdi.
Zelenskiyning aytishicha, AQSH bir necha oydan beri tomonlarni tinchlikka keltirishga uringan. Lekin, fevraldan keyin muzokaralar to‘xtab qolgan. Bu orada Uitkoff va Kushner Moskvada Rossiya prezidenti bilan bir necha marta uchrashgan, lekin Kiyevga ular nimagadir borishmagan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bBwjvcQ0J0o" title="Zelenskiy AQSH muzokarachilarini Ukrainaga hurmatsizlikda aybladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA