Zayniddin Zidan “PSJ”ni boshqaradimi?
Madridning “Real” klubi sobiq bosh murabbiyi Zayniddin Zidan “Pari Sen-Jermen” klubini boshqarishi mumkin.
"RMC Sport" xabariga ko‘ra, Zidan “PSJ” sohibi Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan klubga murabbiy sifatida tayinlanishi borasida muzokaralar o‘tkazgan.
O‘tgan yili "PSJ"ning qatarlik egalari Zidanni klubni boshqarishga taklif etishgandi. Biroq, muzokaralar kutilganidek yakun topmagandi.
Eslatib o‘tamiz, “PSJ”ning amaldagi bosh murabbiyi argentinalik Maurisio Pochettino hisoblanadi.
Rasmiy raqamlarga ko‘ra, “PSJ” Pochettino yetakchiligida 82 uchrashuv o‘tkazib, 54 ta g‘alaba, 13 ta durang va 15 ta mag‘lubiyat natijasini qayd etgan. Mazkur ko‘rsatkichlar sababli Qatar amirlari mutasaddiligida bo‘lgan Parij klubi Fransiya chempioni, kubok sohibi hamda superkubokni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Shunday vaziyatda “PSJ”da Maurisio Pochettino o‘rnini Zayniddin Zidan egallashi masalasi qay tartibda hal etilishini vaqt ko‘rsatadi. Lekin “PSJ” bosh murabbiyligi kursisi atrofida ro‘y berayotgan gap-so‘zlar haqiqat. Murabbiy almashinuvi yaqin kunlarda amalga oshishi ehtimoldan yiroq emas, nazarimizda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA