Zamonaviy texnikalar ish unumini oshirmoqda
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jurnalistlar va blogerlar uchun sohada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha press-tur o‘tkazildi.
Dastlab “Angren ko‘mir koni” filialining markaziy dispetcherlik punktida matbuot anjumani tashkil qilindi va unda “O‘zbekko‘mir” AJ bosh geologi Erkin Jo‘rayev, texnik bo‘lim boshlig‘i Robert Yenikeyev, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya bo‘limi boshlig‘i Anvar Abdurahimov va boshqalar amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berdi.


Qayd etilganidek, mamlakatimizda iqtisodiyot rivojlanib, aholi soni oshgani sayin energiyaga bo‘lgan talab ham ortmoqda. Bu ehtiyojni qondirish uchun barcha energiya resurslari bilan bir qatorda ko‘mir qazib olish ham ko‘paymoqda. Oxirgi besh yilda mazkur xomashyoni qazib olish yiliga 4 million tonnadan 6 million 200 ming tonnagacha oshdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizdagi ko‘mir zaxiralari 2 milliard tonnaga yaqin.
Davlatimiz rahbari ushbu salohiyatdan samarali foydalanish, ishlab chiqarish hajmini izchil oshirish vazifasini qo‘ygan edi. Shuni e’tiborga olib, “O‘zbekko‘mir” AJda ushbu vazifalarni bajarish uchun eng avvalo, kon ustki qatlamini ochish ishlarini jadallashtirish, buning uchun mavjud texnika parkini yangilash taqozo etiladi. Shu maqsadda yangi va eng zamonaviy, serunum kon texnikalari xarid qilish maqsadida 2023 yili hukumat ko‘magi bilan 77,1 million dollarlik lizing shartnomalari imzolandi.


Hozirgacha ushbu shartnomalar asosida Yaponiyada ishlab chiqarilgan 44 dona (yuk ko‘tarish quvvati 90 tonna bo‘lgan) “Kamatsu” samosvali, 6 ta zanjirli buldozer, 2 dona 6 kubometrli avtoyuklagich, uchta “KamAZ”, uchta “UAZ” rusumli avtomashinalar xarid qilindi. Ushbu kon texnikalarining dastlabki partiyasi yig‘ilib, birin-ketin ishga tushirilmoqda va ulardan “Angren” ko‘mir konida keng foydalanilmoqda.
Matbuot anjumanidan so‘ng jurnalistlar “Avtomobil-texnologik transporti” filiali texnoparkida mazkur yangi kon texnikalari va ularning texnik imkoniyatlari bilan tanishdi. Mutaxassislar bilan suhbatda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.


– Kondagi barcha texnikalarning soz holatda ishlashi uchun 800 nafar mutaxassisimiz bor imkoniyatlarni ishga solmoqda, – deydi texnopark bo‘lim boshlig‘i Abduraim Rayimov. – Olib kelinayotgan yangi texnikalarga zarur uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi qismlar xarid qilinmoqda. Kon hududidagi texnologik yo‘llar kengaytirilib, yangi mashinalar harakatlanishi uchun moslashtirilmoqda.
Aksiyadorlik jamiyatida mavjud texnika parkini yangilash ortidan joriy yilda kon ustki qismini ochish ishlarini 48,6 million kub metrga yetkazish rejalashtirilgan.
Tadbir ishtirokchilari “Angren” ochiq konida bo‘lib, yangi kon texnikalarining ish jarayoni bilan ham tanishdi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri