“Zamonaviy maktab”larga sertifikatlar topshirildi
Navoiy viloyatidagi 6 ta umumta’lim maktabiga “Zamonaviy maktab” maqomi berildi. Jumladan, Navoiy shahridagi 8-, 16-, Zarafshon shahridagi 8-, Uchquduq tumanidagi 18-maktablar 2-darajali, Navoiy shahridagi 18-, Karmana tumanidagi 30-maktablar 3-darajali “Zamonaviy maktab” maqomini oldi.
bugungi kunda yurtimizda umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quv-tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, umumiy o‘rta ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, xalq ta’limi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 noyabrdagi “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi Zamonaviy maktablarni baholash va sertifikatlash xizmati boshlig‘i Sardor Rahimboyev maktab rahbarlariga tegishli tartibdagi “Sertifikat”larni topshirdi.
Tadbirda “Zamonaviy maktab” maqomiga erishish uchun maktablar faoliyatini monitoring qilish mezonlari haqida ma’lumot berilib, biryoqlama yondashuvdan qochish, kompleks sifat o‘zgarishlariga erishish lozimligi qayd etildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA