Zamonaviy energotejamkor korxona
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida barpo etilgan “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” mamlakatimizdagi eng zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi hisoblanadi. 2019 yil avgust oyida ishga tushirilgan korxonaning energotejamkor texnologiyalarga asoslangan ikkita energoblokida hozirgi kunda sutkasiga o‘rtacha 20,0 million kW/h elektr energiyasi ishlab chiqarilib, mamlakatning Yagona energotizimiga uzatilmoqda.
“To‘raqo‘rg‘on IES” yurtimizdagi o‘xshash stansiyalari oldidagi ustunligi uning zamonaviy avtomatlashtirish standartlariga muvofiqligida yaqqol ko‘rinadi. Stansiyadagi dispetcherlik nazorati va ma’lumotlarni to‘plash tizimi (“SCADA”) keng qamrovli va yuqori unumdorlikka ega integratsiyalashgan platforma hisoblanadi. U ishlab chiqarishga oid barcha ma’lumotlarni onlayn rejimida to‘plash, qayta ishlash, kuzatish va tahlil qilish ishlarini bajaradi.


Ushbu tizim liniyalarni tezkor boshqarishga, yuqori voltli liniyalardagi avariya vaziyatlarini aniqlashga, yong‘inga va boshqa shu kabi avariyalarga qarshi choralarni o‘z vaqtida qo‘llashga yordam beradi. Shuningdek, ekologik nazorat, qo‘riqlash va videokuzatuvning ilg‘or va ishonchli tizimlari, kiberxavfsizlikning zamonaviyligi joriy qilingan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.