Zamonaviy bilim olishga xizmat qiladi
Buxoro viloyati Shofirkon tumani Temirchi mahallasidagi 24- umumta’lim maktabi yangicha ko‘rinishda o‘quvchilarga o‘z eshiklarini ochdi. Ikki yuz qirq o‘rinli mazkur maktab zamonaviy ta’lim dargohiga aylandi.
“Shofirkon Mohitobon” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga davlatning investitsiya dasturi doirasida ikki milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
– Bugungi kunda ta’lim tizimiga bo‘lgan e’tibor yanada ortib bormoqda, – deydi maktab direktori Olim Kamolov. – Xususan, o‘quvchilar uchun yanada qulay va samarali sharoitlar yaratish dolzarb vazifalardan biridir. Temirchi mahallasidagi 24-umumta’lim maktabining rekonstruksiya qilinishi ham shu maqsad yo‘lida amalga oshirildi. Maktabning yangi binosi eng so‘nggi texnologiyalar va qulayliklar bilan jihozlandi. Bu kelajak avlodning yanada sifatli ta’lim olishiga xizmat qiladi.
[gallery-19164]
Yangi sinfxonalar, keng va yorug‘ o‘quv xonalari, sport zallari va laboratoriyalar o‘quvchilarga nafaqat nazariy bilim olishda, balki amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishda ham katta yordam beradi. Zamonaviy texnik vositalar, kompyuter sinflari va raqamli ta’lim platformalari orqali o‘quv jarayoni ilg‘or uslublar asosida tashkil etiladi.
Umumta’lim maktabining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan ochilish marosimi mahalliy aholi uchun haqiqiy bayram tusini oldi. Tadbirda tuman hokimi Alisher Fayzilloyev, sektor rahbarlari, mahalla faollari, maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilarning ota-onalari qatnashdi.
So‘zga chiqqanlar yangi maktabning ochilishi hududda ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilarga zamonaviy bilim olish imkoniyatiga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Yig‘ilganlar muassasada o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.