Zamonaviy avtobuslar va “aqlli” harakat tizimi
Bugun Yangi O‘zbekistonda shaharsozlik va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Jamoat transportini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, aholiga xavfsiz, tezkor va qulay xizmat ko‘rsatish, tirbandliklarni kamaytirish hamda ekologik barqaror transport tizimini shakllantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Qadimiy Buxoro shahrida amalga oshirilayotgan keng qamrovli transport islohotlari ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘lib, shaharning zamonaviy qiyofasini shakllantirishda yangi bosqichni boshlab bermoqda.

Joriy yilda Buxoro shahri uchun “Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish” Bosh rejasi ishlab chiqildi. Ushbu strategik hujjat asosida shaharda jamoat transporti tizimini tubdan takomillashtirish, tirbandliklarni kamaytirish va aholiga sifatli transport xizmatini ko‘rsatishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida shaharda 21 ta yangi avtobus yo‘nalishi tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, aholi gavjum hududlarda transport almashinuv bog‘lamalari barpo etilib, yo‘lovchilarning bir manzildan ikkinchi manzilga tez va qulay yetib borishi uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.

Yo‘l harakatini intellektual boshqarish maqsadida shahardagi 113 ta chorrahaga “Aqlli svetofor” tizimi o‘rnatilmoqda. Mazkur tizim transport oqimini avtomatik tartibga solish, tirbandliklarni kamaytirish va jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berish imkonini yaratadi.
Shuningdek, Muhammad Iqbol, Ibn Sino, Islom Karimov, Mirdo‘stim, G‘ijduvon, Bahouddin Naqshband va Mustaqillik kabi shaharning yettita markaziy ko‘chasida avtobuslar uchun alohida harakat yo‘laklari tashkil etilmoqda. Bu esa avtobuslarning belgilangan vaqtda harakatlanishini ta’minlab, yo‘lovchilar uchun vaqt tejalishiga xizmat qiladi.

Jamoat transporti parklarini yangilash ishlari ham jadal sur’atlarda davom etmoqda. Viloyat aholisi va mehmonlariga yanada sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida mahalliy tadbirkorlar tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan yana 76 ta zamonaviy avtobus Buxoroga olib kelindi.
Yangi transport vositalarini foydalanishga topshirish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, mazkur yangilik shahar aholisi va mehmonlari uchun munosib sovg‘a ekanini ta’kidladi.
Viloyat rahbarining qayd etishicha, 2026-yil davomida Buxoro viloyati uchun jami 101 ta zamonaviy avtobus xarid qilingan. Ularning dastlabki 25 tasi shu yil fevral oyida “Bux Pit-Stop NGP” MCHJ tomonidan 13-sonli “Madaniyat” bosh bekati — “To‘qimachi” bosh bekati hamda 15-sonli “Markaziy bozor — G‘urbincha aholi punkti” brutto yo‘nalishlariga chiqarilgan edi. Endi esa yangi keltirilgan avtobuslar ham aynan brutto shartnomasi asosida shahar yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatadi.
Mazkur avtobuslar “Progress Mega Trans”, “Miramax Turist Trans”, “Buxaraneveshservis” hamda “Miramax Travel” kabi mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan olib kelingani e’tiborlidir. Bu esa xususiy sektorning transport sohasini rivojlantirishdagi ishtiroki tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida yil yakuniga qadar yana 86 ta yangi avtobus viloyatga olib kelinib, jamoat transporti tarmog‘i yanada kengaytirilishi rejalashtirilgan.
E’tiborli jihatlardan biri — jamoat transportida “Brutto-shartnoma” tizimining joriy etilganidir. Ilgari haydovchilar kunlik tushum rejasini bajarishga intilib, kechki vaqtlarda yo‘lovchilar kamayishi bilan ayrim avtobuslar harakatini to‘xtatib qo‘yardi. Yangi tizimda esa haydovchi yoki tashuvchi yo‘lovchilar soniga emas, balki belgilangan grafikka qat’iy amal qilishi, belgilangan masofani bosib o‘tishi va xizmat sifati uchun haq oladi. Bu esa jamoat transportining ertalabdan kechgacha barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlaydi.
Natijada shahar aholisi ham, Buxoroga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar ham kunning istalgan vaqtida ishonchli, xavfsiz va qulay transport xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Buxoroda amalga oshirilayotgan transport islohotlari oddiy avtobuslar sonini ko‘paytirish bilan cheklanmaydi. Bu — butun shahar hayotini zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish, “aqlli shahar” tamoyillarini hayotga tatbiq etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va inson manfaatini ustuvor qo‘ygan transport tizimini barpo etish yo‘lidagi muhim qadamdir. Zamonaviy avtobuslar, intellektual boshqaruv tizimlari va yangi yondashuvlar tufayli Buxoro yaqin kelajakda nafaqat tarixiy merosi, balki ilg‘or va qulay jamoat transporti bilan ham mamlakatning eng namunali shaharlaridan biriga aylanishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri