Zamonaviy “Amerisan Kindergarten” ish boshladi
Guliston shahrida xalqaro standartlar asosida faoliyat yurituvchi “Amerisan Kindergarten” xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi o‘z eshiklarini ochdi. Yangi muassasa 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan 90 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘lib, ta’lim jarayoni to‘liq ingliz tilida olib boriladi.
Tantanali ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, soha mutaxassislari, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Viloyat rahbari o‘z nutqida bog‘chaning ishga tushirilishi Sirdaryoda zamonaviy ta’lim ekosistemasini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidlab, pedagogik jamoaga faoliyatlarida muvaffaqiyat tiladi.

Bog‘chada ta’lim Play-Based Learning o‘yini orqali tabiiy til o‘rganiladi. STEAM Early Education bilan ijodkorlik va dastlabki muhandislik ko‘nikmalari rivojlantiriladi. Shuningdek, ta’lim Montessori metodining elementlari hamda Cambridge Early Years dasturi asosida olib boriladi. Bunday yondashuv bolalarning tabiiy qiziqishlarini oshirib, mustaqil fikrlash va ijodiy tafakkurlarini rag‘batlantiradi.

Bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish jarayonida 20 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Tajribali pedagogik jamoa shakllantirilgan bo‘lib, ular orasida xorijiy mutaxassislar va ilmiy darajalarga ega o‘qituvchilar ham faoliyat yuritishmoqda.
“Amerisan Kindergarten” Rustam Bosimov nomidagi xususiy maktab tarkibida ochilgan. Mazkur maktab 2016 yilda bitta o‘qituvchi bilan matematika tayyorlov kursidan faoliyat boshlagan bo‘lsa, hozirda mingga yaqin o‘quvchini oliy ta’lim muassasalariga kirishga tayyorladi. Bitiruvchilarning ayrimlari Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, AQSH va Avstraliya kabi mamlakatlarning nufuzli universitetlarida tahsil olib kelmoqda. Yangi bog‘chaning ochilishi esa ushbu ta’lim ekotizimini yanada mukammallashtirib, bolalarga innovatsion usullar asosida sifatli ta’lim berish imkonini yaratadi.

Muassasa ta’sischisi Rustam Bosimov ta’kidlaganidek, mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida boshqa shu turdagi bog‘chalardan farqli o‘laroq barcha mashg‘ulotlar to‘lig‘icha ingliz tilida olib boriladi. Eng asosiysi, bu yerda bolalar uchun mustahkam boshlang‘ich tayanch yaratiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA