“Zakovatda bolalar” intellektual o‘yini
Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Kreativ ta’til” loyihasi doirasida o‘quvchilar o‘rtasida “Zakovatda bolalar” intellektual bellashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘quvchi yoshlarning intellektual salohiyati, erkin fikrlash va tafakkur dunyosini yanada boyitish, qolaversa, ularning qishki ta’tilini mazmunli o‘tkazish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston bolalar tashkiloti viloyat bo‘limi hamkorligida “Kreativ ta’til” loyihasi doirasida “Zakovatda bolalar” intellektual bellashuvi o‘tkazildi. Unda o‘quvchilardan tuzilgan tuman, shahar jamoalari belgilangan shartlar asosida o‘zlarining bilim va iqtidorlarini namoyish etdi.



Qiziqarli bahslar asosida o‘tgan intellektual o‘yinning yakuniy natijalariga ko‘ra, Xo‘jaobod tumanining “Everest” jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Asaka tumanining “Special one”, uchinchi o‘rin esa Qo‘rg‘ontepa tumanining “Dekabristlar” jamoalariga nasib etdi.
Intellektual o‘yin g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari