Zahiriddin Muhammad Bobur So‘xda bo‘lganmi?
O‘zbekiston boy tarix va maftunkor tabiatga ega betakror o‘lka. Uning har bir go‘shasi o‘ziga xosligi, o‘tmishi, odamlari va an’analari bilan ajralib turadi. Farg‘ona viloyatining janubiy qismida joylashgan So‘x tumani ana shunday qadimiy va go‘zal maskanlardan biri hisoblanadi.
Oloy tog‘lari bag‘rida joylashgan bu so‘lim diyor o‘zining zilol buloqlari, jo‘shqin soylari, ko‘kka talpingan archalari bilan barchani maftun etadi. So‘x vohasi O‘rta Osiyoda maskan topgan eng qadimgi odamlarning vatani, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu yerda tosh, bronza (jez), ilk temir, antik davr va o‘rta asrlarga oid 20 ga yaqin arxeologik yodgorliklar – g‘orlar, manzilgohlar, mozor-qo‘rg‘onlar hamda qoyatosh suratlarining topilganligi bu fikrni to‘liq tasdiqlaydi. Bu vohadan ilk paleolit davrida yashagan odamning suyak qoldiqlari topilganligi ko‘pchilikka ma’lum. “O‘zbekiston tarixi” muzeyiga kirgan kishi bilaguzuk shaklidagi qo‘shilon tamg‘asini ko‘rib beixtiyor qadimiy va sirli saltanatning qudratini his qiladi. Tarixdan biroz xabari bor odam, bu miloddan avvalgi V asrlarda gullab-yashnagan So‘x hududidagi davlatning ramzlaridan biri ekanini, ana shu belgi ortida qanchadan-qancha taloto‘p, ravnaq va tanazzul yashiringanini yaxshi biladi. “Seleng‘ur” g‘ori devoridagi suratlar esa yanada qadim zamonlardan so‘zlaydi.

So‘x atoqli sarkarda, davlat arbobi, shoir va muarrix Zahiriddin Muhammad Bobur qadam ranjida qilgan joydir. “Boburnoma” da 1493 yil voqealari qalamga olinar ekan, buyuk bobomiz taqdir taqozosiga ko‘ra, “So‘x va Hushyor ko‘hpoyalariga kelib, bir yilcha yovuq” yashaganini orziqish bilan xotirlaydi. Bundan o‘sha vaqtlarda ham So‘xda ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat rivoj topganini bilish mumkin. Unda shunday bitiklar bor: “Isfara viloyati to‘rt bo‘luk ko‘hpoyadir: bir Isfara, yana bir Vorux, yana bir So‘x, yana bir Hushyor…”, “…So‘x bila Hushyor-ko‘hpoyalariga kelib, bir yilg‘a yovuq tanqislik bila o‘tkarib, Kobul azimati qildim”.
Hushyor qishlog‘i tumanning qadim maskanlaridan biri. Qamchibek Kenja So‘xdagi taassurotlari haqida shunday yozadi:
Demak, Bobur Mirzo Hushyorda turib kelgusi taqdirini belgilagan, atrof-javonibdagi qishloqlar, yo‘llar, dovonlarni puxta o‘rgangan va Farg‘ona davlatidan chiqib ketishda Ovchi, Obburdon, Matcho qishloqlari orqali Qorategin dovonidan oshib, Hisor orqali bobomeros Kobulga o‘tib ketgan. Oqibat, adolat shiori bo‘lgan Bobur keyinchalik Hindistonning Agra shahrida o‘tkazgan katta to‘y-izdahomlaridan biriga andijonlik, samarqandlik ko‘ngil yaqinlari bilan birga hushyorliklarni ham taklif qiladi va o‘z ta’biricha, “beviloyat va bevatan yurgan” chog‘larida joniga ora kirgan hushyorlik qadrdonlariga alohida izzat-ikrom ko‘rsatib, ularga boshqa mo‘’tabar mehmonlar qatori chakmon, qimmatli sarpolar, oltin, kumush kiyimliklar in’om etadi.
Boburning bir yil davomida So‘x va Hushyorda yashashi izsiz ketmadi. Bu muddat davomida Boburga mehr qo‘ygan ko‘p so‘xliklar uning xizmatiga kirdilar. Ular Bobur ketishga shaylanganda, unga hamroh bo‘lib, Afg‘onistonga, keyinchalik Hindistonga ketdilar. So‘xliklar Bobur umrining oxiriga qadar unga sadoqat bilan xizmat qildilar. Bobur ham ularning xizmatini munosib taqdirladi. Buni “Boburnoma”dagi quyidagi satrlar ham tasdiqlaydi: “Shanba kuni oyning oltisida to‘y bo‘ldi. ..Yana Andijondin va beviloyat va bevatan yurgan yerlarimiz va So‘x va Hushyordin kelganlarga chakmanlar va qumosh xil’atlar va oltundin va kumushdin, raxtdin, jinsdin in’omlar bo‘ldi”.
Hozirgi kunda Hindistonda Hushyor qishlog‘i mavjud bo‘lib, bu yerda Boburga sadoqat bilan xizmat qilgan jangchilarning avlodlari istiqomat qiladilar, degan ma’lumotlar bor.
Shuningdek, Bobur Mirzoning So‘x daryosi atrofida joylashgan Tul qishlog‘i yaqinidagi tog‘ tepasidagi “Sangi oyna” ga alohida e’tibor qaratgani, u joydagi buloq suvida yuz-qo‘lini yuvib, shu go‘zal tog‘ oraliqlaridan oqib kelayotgan sho‘x daryoga ko‘prik qurganligi, u hozir ham Bobur ko‘prigi degan nom bilan mashhurligi ko‘pchilik ziyolilar va mahalliy aholiga yaxshi ma’lum.
Bobur nazari tushgan “Sangi oyina” bugungi kunda ziyoratgohga aylangan. Bu tosh oyina haqida Bobur shunday yozadi:
“Isfaraning bir shar’isida janub sori pushtalarning orasida bir parcha tosh tushubdur, “Sangi oyina” derlar, uzunligi taxminan o‘n qari bo‘lg‘ay, balandlig‘i ba’zi yeri kishi bo‘yi, pastlig‘i, ba’zi yeri kishining belicha bo‘lg‘ay, oyinadek har nima mun’akis bo‘lur”.
Bobur davrida ushbu toshoyna haqida xalq orasida turli rivoyatlar mavjud bo‘lgan. Ularning birida aytilishicha, sangi oyina bemor odamlarning shifo topishiga yordam berar ekan. Kasal odam kelib, unga surkalsa, darddan forig‘ bo‘larkan. Hatto biron joyiga shikast yetgan hayvonlar ham toshga surkalib, davo topishar emish. Sangi oyinaning yana bir xususiyati shundan iborat ekanki, pok insonlar unda o‘z kelajagini ham ko‘rar emish. Aytishlaricha, Bobur toshoynaning oldiga kelib, unga nazar tashlaganda, o‘zini shohona liboslarda saltanat taxtida o‘tirganini ko‘radi. Shundan so‘ng u So‘xdan Kobul sari azimat qilib, u yerda taxtni qo‘lga kiritadi.
– Zahiriddin Muhammad Bobur bilan bog‘liq turli ma’lumotlarni, qadamjolarni chuqur o‘rganishimiz kerak, – deydi tarixchi olim Rahmatjon Arslonzoda. – Xususan, So‘xda bobomiz bilan bog‘liq yodgorliklar ko‘p. Shu bois ayni kunlarda bu qadim maskanning o‘tmishini tadqiq etishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Bobur Mirzo davrida Hushyor – So‘x atrofidagi nohiya, qishloqlar –Isfara, Xo‘jand, O‘ratepa, Botkent, Qadamjoy, Zarafshon daryosining yuqori qismidagi Bolo, Ovchi, Obburdon, Daxkat, Matcho, Vorux qishloqlari Farg‘ona hududiga kirgan, u yerlarda shahzoda – Bobur ko‘p marotaba bo‘lgan. Shuning uchun ham Boburburchak, Qorovul tepa, Bobur ko‘prigi, Bobur namozgohi, Taxti Bobur (yapaloq tosh), Bobur bitiklar yozgan bir necha katta tosh ta’rifi xalq orasida tildan-tilga o‘tib, asrlar osha bizgacha yetib kelgan. Ayni kunlarda xalq tilida “osh tog‘i” deya ataluvchi maskan ham doimo odamlar bilan gavjum.
Ma’sudjon Sulaymonov,
O‘zA