Yuz yil gavhar teray desangiz...
"Mahalla" xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyati boshqaruvi, uning tuman va shahar bo‘limlari xodimlari "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasidagi "ko‘chat ek, bog‘ yarat" aksiyasida faol ishtirok etmoqda.
Ular Farg‘ona va Sirdaryodagi ko‘chat yetishtiruvchi xo‘jaliklardan o‘tgan yili 60 ming dona, joriy yilda esa 130 ming dona manzarali, 82 ming dona mevali, 85 ming dona gul ko‘chatlarini keltirib, o‘z yashash hududlariga, mahalla va yo‘l bo‘yilariga, bog‘-rog‘larga hashar yo‘li bilan ekmoqda. Bu ishga nafaqat fond, fondning tuman va shahar bo‘linmasi xodimlari, ularning oila a’zolari, mahalla ahli yordamlashayotir.

– Ko‘chat ekish, daraxt o‘stirish, tabiatni asrab-avaylash xalqimizga xos ezgu qadriyatlardan, – deydi "Mahalla" xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyati hududiy boshqaruvi bosh mutaxassisi Anvar Narzullayev. – "Bir yil tut ekkan kishi, yuz yil gavhar teradi", "Birni kessang-o‘nni ek", "Umringdan bir kun qolsa ham ko‘chat ek", deya ota-bobolarimiz bejizga aytmagan.
"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida, o‘z yashash hududimiz, mahalla, ko‘cha va xiyobonlarga ekayotgan ko‘chatlarimiz chor-atrofni yashillikka burkab, avtotransport vositalari, zavod va fabrikalardan atmosferaga chiqayotgan zararli gazlardan bizni himoya qilib, toza va sof kislorod ishlab chiqarib beradi. Bir gektar maydondagi daraxt bir kecha-kunduzda 220 ming 275 kilogrammgacha karbonat angidrid gazni yutib, 180 ming 215 kilogrammgacha havoga kislorod ajratib beradi.

Bu miqdor, o‘rtacha 500 kishini kun davomida, to‘rtta daraxt esa bir kishining bir kunlik kislorodga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi. Shuning uchun bu aksiyada faol ishtirok etib, atrof-muhit ekologiyasi barqarorlashishiga o‘z hissamizni qo‘shayapmiz. Bunda, Sirdaryoning iqlim sharoiti inobatga olinib, shu hududga mos keladigan mevali va manzarali daraxt, gul ko‘chatlari ekilyapti.
O‘zA