Yutuqlarda har bir xizmat xodimining hissasi bor
Aka-uka Sobir va Furqat Musayevlar bugungi kunda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli Harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadida mehnat qiladi.
Eng qizig‘i, ularning ikkovi ham bir kunda – 2010 yil 19 may kuni ishga qabul qilingan.

Aslida ukalar akaga havas qilib, uning yo‘lini tanlaydi. Biroq bu safar muddatli harbiy xizmatdan qaytgan Sobir ukasi Furqatning tavsiyasi bilan otryadga ishga kirish uchun hujjat topshirgan. Bunga ham 15 yil bo‘libdi.
– Vazifamiz Shimoliy kon boshqarmasida ruxsatnomali tartibni amalga oshirish, korxonalarda hamda “Dovgistov” va “Ko‘kpatas” sanoat maydonlarida tovar-moddiy boyliklar talon-toroj qilinishining oldini olishdan iborat, – deydi S.Musayev. – Shuningdek, hamkasblarimiz maxsus yuklarni kuzatib boradi. Mavjud texnik-muhandislik hamda aloqa vositalaridan to‘g‘ri va unumli foydalangan holda tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar ro‘y berganda tezkorlik bilan holatni nazorat qiladi.

2024 yilda Qo‘riqlash otryadi xodimlari harakatlari bilan Shimoliy kon boshqarmasi tasarrufidagi korxonalarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan 800 ga yaqin tartib buzarlik holatlari aniqlanib, qariyb ikki milliard so‘mlik tovar moddiy boyliklar talon-toroj qilinishi oldi olindi.
Ta’kidlash o‘rinliki, Shimoliy kon boshqarmasining nufuzi va ishlab chiqarishdagi yutuqlarida Harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi jamoasining ham munosib hissasi bor.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri