Yurtimizda “Muzeylar haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda
Mamlakatimizda Madaniy meros agentligi tizimidagi muzey va muzey-qo‘riqxonalarda “Muzeylar haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu haftalik davomida Agentlik tizimidagi jami 114 ta davlat muzey va muzey-qo‘riqxonalariga hamyurtlarimiz bepul tashrif buyurishlari imkoniyati yaratilgan.
“Muzeylar haftaligi” davomida yurtdoshlarimiz milliy muzey fondida saqlanayotgan noyob ashyolar va qimmatli kolleksiyalar bilan yaqindan tanishib, boy tarixiy va madaniy merosimizdan bahramand bo‘lmoqdalar.

Aytish kerakki, ushbu tadbir Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonunini ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi 68-sonli qaroriga muvofiq har yili tashkil etib kelinmoqda.
Yuqorida keltirilganidek, Madaniy meros agentligi tizimida 114 ta davlat muzeyi faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan 37 tasi asosiy muzey, 71 ta muzeylar filiallari hamda ulardan 6 tasi muzey-qo‘riqxona hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyohlar eng ko‘p tashrif buyurgan muzeylar beshtaligi aniqlangan. Unga ko‘ra, “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi, “Registon” tarixiy majmuasi, “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Buxoro” davlat muzey-qo‘riqxonasi, “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi eng ko‘p sayyohlar kelgan maskanlar sirasiga kiradi.
Mamlakatimizda yildan-yilga ichki turizm salohiyati va xorijiy sayyohlar sonining ortib borishi respublikamiz tarixi va madaniy merosining jozibadorligidan dalolat beradi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri