Yurtimizda hech kim e’tibordan chetda emas
Farmon va ijro
Prezidentimizning 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini ta’minlab, joylarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini tubdan oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Bu aholining ko‘makka muhtoj qatlami hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda.

Termiz shahrida yashaydigan 69 yoshli Farhod bobo Xolovning yakka, yolg‘iz umrguzaronlik qilayotganiga o‘n yil bo‘lmoqda. O‘z uyi bo‘lmagan yolg‘iz bobo mahalliy hokimlikning ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun ajratilgan turar joyida yashaydi. Hayotning bu sinovini o‘ylayverib siqilgan Farhod Xolov ikki yil muqaddam Termiz shahridagi Yoshlar markazi qoshidagi “Inklyuziv” ta’lim markaziga bordi. To‘garakda hunar egallab, turli keraksiz narsalardan gul yasashni chuqur o‘zlashtirib oldi. Bu hunar uning qalbini ovutdi. Yaxshi kunlar kelishiga umid uyg‘otib, taskin berdi. Hayotida o‘zgarish seza boshladi. Lekin yasagan mahsulotlarini sotish masalasi ko‘ndalang bo‘lib qoldi. Endilikda bu masala ham hal etildi. Otaxon yasagan mahsulotlarga xaridor topishda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi yaqindan ko‘maklashdi. Imkoniyati cheklangan shaxslar ishlab chiqargan mahsulotlarning savdo yarmarkasini tashkil etib, unda yolg‘iz otaxon Farhod bobo tayyorlagan mahsulotlar ham savdoga chiqarildi.
– Mahsulotlarim katta qiziqish bilan xarid qilingach, yolg‘iz emasligimni yana bir marta chuqur his etib, mehnat behuda ketmaydigan yurtda yashayotganimdan beixtiyor suyundim, – deydi Farhod Xolov.– Shu yarmarkada olti million so‘m daromad topibman. Quvonganimdan yaxshi ishtiyoq bilan mahsulot yasashga kirishdim. Ruhan tetiklashdim.

Mamlakatimizda yolg‘iz keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va ko‘makka muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashning tamomila yangi tizimi joriy etilgani ana shunday odamlar qalbiga quvonch shu’lalarini taratmoqda. Chunki, ularning nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy holatida ham o‘zgarish yuz berayotir. Buning uchun “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari mahallalardagi yordamga muhtoj xonadonlarda bo‘lib, ularning turmushini o‘rganmoqda. Tegishli chora-tadbirlarni belgilab, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Yakka, yolg‘iz yashaydigan qariyalarga ijtimoiy xodim va assistent biriktirilmoqda.
– Ha, aytgancha, endi oldingidek o‘ylab, siqilishimga ehtiyoj yo‘q, – deydi yuzida hayotidan rozilik alomati sezilayotgan Farhod bobo. – Shanba, yakshanba yoki bayram kunlari ham uyimga kelib mendan xabar oladigan inson bor. Ovqatim, kirim, uyimni yig‘ishtirish bo‘ladimi, barchasini ko‘nglimdagidek qilib uddalamoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy xodim va “Inson” markazi assistent biriktirib berdi. Tobim qochsa, kasalxonaga ham bormayman. Assistentning o‘zi zarur muolajani qiladi. Buni qarangki, qo‘shimcha kompensatsiya puli ham olyapman. Jamiyatda qadr topayotganimdan suyunib, davlatimizni duo qilib o‘tiraman.
Mamlakatimizda ijtimoiy xizmatlarning mahalla darajasida yo‘lga qo‘yilgani yolg‘iz yashaydigan keksalarning ham turmushini tubdan o‘zgartirayotgani quvonarli bo‘lmoqda.
Aslida, ijtimoiy ko‘makka ehtiyojmand insonning, mehr va e’tiborga muhtoj kishining qalbiga yo‘l topishning o‘zi uning bag‘rini tog‘dek ko‘taradi. Yashashga ishtiyoqini oshiradi. Yangilangan Bosh qomusimizda bunday toifadagi insonlarning huquqlari davlat himoyasiga olingani bu sohadagi ishlar yangi bosqichga olib chiqilganining amaldagi ifodasi, ularning joylardagi yagona yondashuvni o‘z hayotida his etayotgani inson qadrini ulug‘lash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri