Yurtimizda hech kim e’tibordan chetda emas
Respublika Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan Toshkent shahridagi Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markaziga press- tur tashkil etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, rivojlangan davlatlar (AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya Federativ Respublikasi, Fransiya, Yaponiya va boshqalar.) aholisi tarkibining 25 foyizini keksa avlod vakillari tashkil qilib, bu ko‘rsatkich yil sayin o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda aholi turmush kechirishining yaxshilanilishi natijasida keksa avlod vakillarining o‘rtacha umr ko‘rish yoshi ko‘payib, ularning soni muntazam ravishda ortmoqda.
Buning natijasida tug‘ilish ko‘rsatkichlarining nisbatan balandligiga qaramay, bugungi kunda respublika aholisi 10 foizini keksa avlod vakillari tashkil qilmoqda.

Dunyo aholisining 15 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qilib, bugungi kunda ularning soni 1 mlrd.ga yetdi.
O‘zbekistonda 760 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qilib, ular ijtimoiy himoya va qo‘llab quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olingan.
Yuqorida qayd etilganlar –keksa avlod vakillari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, hayotini sermazmun qilish, jamiyatda egallab turgan fuqaroviy pozitsiyalarini mustahkamlash, uzoq va mazmunli umr kechirish maqsadidagi intilishlarini kuchaytirish, qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning dolzarb masalalari hisoblanadi.
Press-tur davomida OAV vakillari Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markaziga keltirilgan yangi uskunalar bilan tanishdi. Bundan tashqari, shifokorlar bilan suhbatlashilib, bemorlar ishtirokida tibbiy-ko‘rik o‘tkazildi. Bemorlarning davolanish jarayonlari bilan tanishilib, ular bilan suhbat tashkil etildi.
– Yevropaga turmush o‘rtog‘im bilan ishlashga borgan edik. Keyin erim boshqa yurtga boramiz deb Suriyaga olib ketdi. O‘sha yerda baxtsiz hodisaga uchradik. Turmush o‘rtog‘im vafot etdi. O‘zim “Mehr– 3” operatsiyasi bilan Toshkentga keldim. Yurtimizda hech kim e’tibordan chetda emas ekan. Yurtboshimizga rahmat aytamiz. Hozir yurolmay qolganman. Ushbu markazga ikkinchi kurs davolanishga kelganman. Shunday bo‘lsa-da, kelajakdan, yashashdan umidimni uzganim yo‘q,– deydi bemorlardan biri Barno Gulmirzayeva.
So‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish va joriy qilish borasida keng miqyosli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul taqdim etiladigan asosiy oziq-ovqat va gigiyena vositalari soni 15 turdan 19 turga oshirildi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul beriladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining ro‘yxati 22 turdan 27 turgacha ko‘paytirildi, sanatoriylarda sog‘lomlashtirilgan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning soni 43 ming nafarni tashkil etib, 20 foizga ortdi.
Oxirgi to‘rt yilda 27 ta tibbiy-ijtimoiy muassasada 267,2 mlrd. so‘mlik qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarildi va 1327 ta zamonaviy talablarga mos bo‘lgan o‘rinlar ishga tushirildi.
Markazda bo‘lgan uchrashuvimiz davomida barcha bemorlarga yetarlicha tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgani, mehr-e’tibor berilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bemorlarning ko‘zlarida yashashga bo‘lgan umid, ishonch porlab turganini ko‘rdik.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA