Yuksalish mahalladan boshlanadi
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Uvaysiy mahallasida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Yunusobod tumani kengashi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy, sport tadbiri tashkil etildi.
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Uvaysiy mahallasida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Yunusobod tumani kengashi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy, sport tadbiri tashkil etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda tumandagi Shoshtepa, Yurtobod, Beg‘ubor, Mehnatobod mahallalari faollari, yoshlari ishtirok etdi.
Tadbirda aholi, ayniqsa, yoshlarga vatanparvarlik ruhini chuqurroq singdirish, ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, mahallalarda tibbiy va jismoniy madaniyatni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida kitoblar yarmarkasi, mahallada istiqomat qilayotgan hunarmandlar mahsulotlari ko‘rgazmasi, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari tashkillashtirildi.
Shuningdek, tadbirda mahalla yoshlari musiqa, rassomlik, adabiyot, futbol, shaxmat-shashka, stol tennisi va kitobxonlik yo‘nalishlarida o‘zaro bellashdi. Musobaqada ishtirok etgan mahalla yoshlari Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Yunusobod tumani kengashi hamda homiylar tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Uvaysiy mahallasi yoshlari, taniqli san’atkorlarning chiqishlari tadbirga bayramona shukuh bag‘ishladi.