“Yuksalish” faoliyati sarhisob qilindi
“Yuksalish” harakatining Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar tahlili va 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi jamoatchilik guruhi a’zolari, NNTlar rahbarlari va OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda “Hududiy bo‘linma tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar, hududiy dasturning viloyatdagi ijrosi tahlili va kelgusi rejalar” haqida bo‘linma rahbari A.Jalilovning axboroti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasiga 2000 dan ortiq a’zolar qabul qilindi. Shuningdek, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi ijrosi yuzasidan 15 marotaba jamoatchilik muhokamasi, 20 dan ortiq monitoring, 10 dan ortiq eshituvlar hamda aholi muammolariga oid 12 marotaba tadqiqot va so‘rovlar o‘tkazildi. Hududiy bo‘linma tomonidan xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi sessiyalariga 4 ta masalalar kiritildi.

– “Yuksalish” g‘oyasi asosida viloyatning 14 ta mahallasida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining moliyaviy ko‘magi bilan quyosh panelli ko‘cha chiroqlari o‘rnatish boshlandi, – deydi A.Jalilov. – Shu bilan birga Harakat tomonidan 10 ga yaqin turli aksiyalar tashkil etildi. Jumladan, “Biz donormiz” aksiyasida Favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Yong‘in xavfsizligi, harbiy qismlarida xizmat qilayotgan askarlar hamda boshqa tashkilot va korxonalarda ishlovchi, mahallalarda yashovchi ko‘ngillilar faol qatnashdi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida esa 300 dan ziyod manzarali va mevali daraxt ekildi.

Tadbir so‘nggida Prezidentimizning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokamasi keng omma e’tiboriga havola etilgani, bunda NNTlar va viloyat aholisi faol bo‘lib, o‘z takliflarini bildirishi lozimligi ta’kidlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri