Yuksak mukofotlar sohiblariga yetkazildi
Navoiy viloyati hokimligida mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga muvofiq, munosib mehnatlari uchun Vatanimizning yuksak mukofotlariga, orden va medallariga sazovor bo‘lgan bir guruh yurtdoshlarimizni muborakbod etish, ularga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov viloyatda barcha sohalarni rivojlantirish, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolik jamiyati va huquqiy-demokratik davlat barpo etish, milliy qadriyat va an’analarimizni keng targ‘ib qilish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.
Tadbirda 13 nafar turli soha vakillariga davlatimizning yuksak mukofotlari tantanali topshirildi.
[gallery-8608]
Shuningdek, jamiyatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘rni va rolini kuchaytirish, joylarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, keng qamrovli profilaktika tadbirlari va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mahalla fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faol, tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillaridan 18 nafari “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mahalla tizimi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan ularga 1,2 million so‘mdan pul mukofoti va davolanishlari uchun “Navbahor sihatgohi” sanatoriysiga bir martalik bepul yo‘llanmalar berildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA