Yuksak g‘alabalar asosi
“Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining velosportni rivojlantirish hamda mamlakatimiz velosport federatsiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yosh sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borayotgan faoliyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining velosportni rivojlantirish hamda mamlakatimiz velosport federatsiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yosh sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borayotgan faoliyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, velosport federatsiyasi raisi T.Norboyeva, O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari M.Aliyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi O.Qosimov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, aholi, ayniqsa, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Bu jarayonda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi va velosport federatsiyasi davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda velosportni ommalashtirish, mazkur sport turining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, iqtidorli velosportchilarni saralash va terma jamoalarga jalb etish, ularning professional mahoratini oshirish, yosh sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.
Qaror ijrosi doirasida O‘zbekiston velosport federatsiyasining hududiy bo‘limlari tashkil etildi. Xorazm viloyati Urganch shahrida, Samarqand, Farg‘ona, Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi olimpiya zaxiralari kollejlarida velosport bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2015-2016 o‘quv yilidan boshqa hududlardagi olimpiya zaxiralari kollejlarida ham mazkur bo‘limlarni tashkil etish rejalashtirilgan. Aholi o‘rtasida an’anaviy tarzda velomarafonlar o‘tkazilayotgani va bu musobaqalarga turli yosh toifasidagi havaskor velosportchilarning jalb etilayotgani velosportning tobora ommalashishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda hududlardagi bolalar va o‘smirlar sport maktablarida tarbiyalanayotgan yoshlarning 20 nafardan ortig‘i milliy terma jamoa safiga jalb etildi. Toshkent shahridagi velotrekni ta’mirlash ishlari jadal olib borilmoqda.
Bu kabi chora-tadbirlar samarasida o‘zbekistonlik sportchilar xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, Tailandda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida hamyurtimiz Timur Gumerov oltin medal sohibi bo‘ldi. Iqtidorli velosportchimiz trek yo‘nalishining ko‘pkurash bahslarida raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va qit’a chempionligi bilan birga 2016-yili Braziliyada o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun reyting ochkolarini qo‘lga kiritdi.
Yoshlar o‘rtasidagi musobaqada qatnashgan yana bir hamyurtimiz Dilmurod Siddiqov qit’a chempionatining bronza medali bilan taqdirlandi. Janubiy Koreyada tashkil etilgan o‘smirlar o‘rtasidagi “Tur de Koreya” ko‘pkunlik poygalarida Dilmurod Siddiqov birinchi o‘rinni egalladi.
Tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan velosport federatsiyasining hududiy bo‘limlari, Respublika olimpiya zaxiralari kolleji, Respublika oliy sport mahorati maktabi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti va terma jamoa a’zolariga 157 zamonaviy rusumdagi velosiped va beshta mototsikl taqdim etildi.