Yubiley assambleya ishtirokchilari munosib kutib olinmoqda
5-9 aprel kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Nufuzli anjumanda 200 ga yaqin mamlakatdan vakillar, dunyo parlamentariylari ishtirok etadi.
Ayni paytda assambleya ishtirokchilari yurtimizga tashrif buyurmoqda. Martabali mehmonlarni kutib olish va ularga hamrohlik qilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham ishtirok etmoqda.

Jumladan, Birlashgan Arab Amirligining PI vitse-prezidenti, Federal Milliy Kengashning Mudofaa, ichki va tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Ali Rashid Al Nuaymi boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga tashrif buyurdi. Ularga Qonunchilik palatasining Ekologik partiya fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev hamrohlik qilmoqda.
Buyuk Britaniya Vakillar palatasi a’zosi Fabian Xamiltonni esa Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Po‘latov kutib oldi va unga hamrohlik qiladi. Nufuzli anjumanga tashrif buyurgan Kanada Senati a’zolari va jamoat palatasi vakillarini Qonunchilik palatasi deputati Gulnoraxon Abduvohidova kutib olib, mehmonlarga hamrohlik qilmoqda.

Shuningdek, yana bir qator davlatlar vakillari deputatlar ishtirokida munosib kutib olinib, parlamentarizm dunyosidagi muhim anjumanga qizg‘in tayyorgarliklar ko‘rilmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan ushbu xalqaro anjuman asnosida dunyo nigohi yana bir bor mamlakatimizga qaratiladi va davlatimiz mazkur siyosiy muloqotning faol ishtirokchisi sifatida namoyon bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA