Yozyovonda karantin joriy etildi
Bu borada yurtimizdagi har bir inson, har bir oilada jarayondagi burch va masʼuliyat tuygʻusini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.
Ayni kunlarda mamlakatimizda koronavirus kasalligini yuqtirib olish ehtimolini imkon qadar chegaralash, virusli infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida keng qamrovli saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada yurtimizdagi har bir inson, har bir oilada jarayondagi burch va masʼuliyat tuygʻusini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Boisi shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish, bugungi epidemiologik jihatdan murakkab bir sharoitda davlatimiz tomonidan joriy etilgan tartib-qoidalar toʻliq bajarilishi xavf-xatar manbaini sezilarli darajada kamaytiradi.
Afsuski, baʼzan mavjud vaziyat va u bilan bogʻliq xavf-xatarga nisbatan jiddiy munosabatda boʻlmaslik holatlari ham uchrab turibdi. Bunday beparvolik va loqaydlik koronavirus pandemiyasiga qarshi doimiy kurash olib borilayotgan bugungi sinovli kunlarda kechirib boʻlmas holat ekanligini aslo unutmaslik zarur.
Xabaringiz bor, Fargʻona viloyatida ham koronavirus bilan kasallanish holati qayd etildi. Afsuski, kasallik bilan bogʻliq jiddiy bir holatda Yozyovon tumanining Beruniy mahallasida yashovchi ayol ushbu virusni Umra safari paytida yuqtirib kelgani aytilmoqda. Oqibatda uning 4 nafar oila aʼzosi ham infeksiya yuqtirgani aniqlandi.
Shu munosabat bilan 27-mart kunidan Yozyovon tumanida karantin holati joriy etildi. Tumanning chegara hududlarida karantin postlari tashkil etilib, avtomashinalar qatnovi tartibga solindi. Tuman hududiga kundalik zaruriy oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va qurilish mahsulotlari olib kirayotgan avtomashinalar, chegara hudud boʻylab harakatlanayotgan piyodalar dizenfeksiya ishlari bajarilgandan soʻng kiritilyapti. Yozyovon tumani avtomagistralidan tranzit yoʻl sifatida foydalanayotgan qoʻshni tumanlar aholisiga ham dizenfeksiya jarayonidan keyin harakatlanishga ruxsat etilyapti.
Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev Yozyovon tumanida boʻlib, chegara hududida tashkil etilgan karantin postlarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
–Bugun xalq birlashadigan kun, – dedi viloyat rahbari. – Belgilangan karantin qoidalariga amal qilish, niqob taqish va sanitariya-gigiyena talablarini soʻzsiz bajarish, uyda karantinda boʻlish tartibiga rioya etish kerak. Chunki virusdan himoyalanish birinchi navbatda har bir insonning oʻziga bogʻliq. Qolaversa, bu borada belgilangan tartib-qoidalarga rioya etilmagani uchun maʼmuriy va jinoiy jazo choralari kuchaytirilganini ham esdan chiqarmaslik lozim.
Tumandagi toʻrtta sektor rahbarlariga epidemiologik osoyishtalik uchun shaxsan javobgar ekanligi aytilib, ezgu maqsad yoʻlida barcha hamjihat boʻlsa, koronavirusdan shunchalik tez xalos boʻlish mumkinligi taʼkidlandi.