Yozuvchilar uyushmasi maktabga kitoblar sovg‘a qildi
Samarqand viloyatining olis qishloqlardan biri – Nakurtdagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 500 dan ortiq badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.
Ushbu kitoblarni topshirish maqsadida maktabga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ullari va taniqli ijodkorlar keldi. O‘qituvchi va o‘quvchilar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

– Baland tog‘lar, bepoyon qir-adirlar orasidagi bu qishloq yurtimizning eng go‘zal maskanlaridan biri hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, shoir va adib Abdusaid Ko‘chimov. – Nakurt juda ko‘p olimlar, ijodkorlarga beshik bo‘lgani bilan ham yurtimizga ma’lumu mashhurdir. Birgina qalami o‘tkir shoirimiz, mahoratli jurnalist akamiz Azim Suyun misolida aytadigan bo‘lsak, u kishi butun umr Nakurtni madh etib, bu yerdagi tog‘lar kabi salobat bilan yashab o‘tdi. Azim aka tufayli bu yerda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari suyukli shoir va yozuvchilar ishtirokida ko‘p ijodiy kechalar, adabiy suhbatlar o‘tkazilgan. Bu tadbirlarning ayrimlarida biz ham ishtirok etganmiz. Bugun Azim aka oramizda bo‘lmasada bu adabiy davralar u kishining do‘stlari, shogirdlari tomonidan davom ettirilmoqda. Nakurtdan yana ko‘plab iste’dodli ijodkorlar yetishib chiqmoqda, ulug‘lar an’analari davom etmoqda.

Uchrashuvda bugungi adabiy jarayonlar, ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, jumladan, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari T.Tugalov maktab jamoasiga samarqandlik ijodkorlarning kitoblarini sovg‘a qildi, iste’dodli o‘quvchilarni uyushma viloyat bo‘limi qoshidagi adabiy to‘garaklarga taklif etdi.
Tadbirda maktab o‘quvchilari ijodkorlardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
G‘.HASANOV, O‘zA