Yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik masalalari tahlil qilindi
“Olimpiya shaharchasi”dagi Suv sport turlari saroyida 19-sentabr-4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi–Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tadigan XX Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi.
“Uzbekistan Aquatics” federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan yig‘ilishda suv sport turlarining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakatimiz sportchilarining Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik holati yuzasidan bosh murabbiylar hamda milliy terma jamoa murabbiylarining hisoboti tinglandi.

Muloqot jarayonida “Uzbekistan Aquatics” federatsiyasi mutasaddilari milliy terma jamoa tarkibini shakllantirish yuzasidan o‘z fikr va ko‘rsatmalarini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng milliy terma jamoaga nomzod sportchilarning xalqaro musobaqalardagi natijalari, amaldagi reyting ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ishtirokiga oid prognozlar, ko‘rsatkichlarning o‘sish va pasayish dinamikasi yuzasidan taklif va tahlillar bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, XX yozgi Osiyo o‘yinlarida 45 mamlakat sportchilari 41 ta sport turida g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Eng ko‘p medallar jamlanmasi yengil atletika va suv sport turlariga tegishli bo‘ladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA