«Yoshlik»da Navro‘zning gashti o‘zgacha
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida keksalik gashtini surayotgan ming-minglab ziyoli nuroniylardan tortib turli tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan turli kasb egalari – sobiq talabalar Toshkentdagi «Yoshlik» Talabalar shaharchasini ajib xayollar og‘ushida entikib eslaydilar.
Badia
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida turli davrlarda tahsil olganlar uchun «oltin davr» aynan mana shu go‘shada o‘tganini, o‘shal damlar hayot mazmuniga aylanganini aslo unutmaydilar.
Gapni katta avlod vakillari xotiralaridan boshlashimiz boisi shundaki, bugun talabalik gashtini surayotgan yigit-qizlarimiz ham hademay diplomini olib, mehnat jamoalari sari yo‘l oladilar, yeng shimarib ishga kirishadilar, oila quradilar, shu tariqa hayotda munosib o‘rnini, baxtini topadilar!
Va, albatta, qadrdon go‘shasiga aylangan – «Yoshlik» shaharchasini sog‘inib, entikib eslaydilar!
O‘tgan asrning saksoninchi yillari biz ham mana shu shaharchada talabalik gashtini surganmiz. U davrda Navro‘z – respublika miqyosida nishonlanmas edi. Bu bayramni bilgan ziyolilargina tor doiralarda o‘yin-kulgilar uyushtirgan bo‘lardilar. 1986 yilga kelib respublika rahbariyati shuni ham ko‘p ko‘rishgan, uni «diniy bayram» sifatida taqiqlashgan.
Respublikamizda adolat tantana qila boshlagan 1990 yildan e’tiboran Navro‘z – umumxalq, umummilliy bayramlar qatori keng nishonlanadigan bo‘ldi.
Shundan buyon har yili Navro‘z chinakam xalqimiz orzularining ifodasiga aylangan bayram sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Jamiyatimiz taraqqiyotiga monand Navro‘z bayrami ham hayotimizga o‘zgacha fayz kiritmoqda. Bu yil ham «Yoshlik» shaharchasidagi har bir Talabalar turar-joyida bayramga puxta hozirlik ko‘rildi. Bayramdan bir kun ilgari doshqozonlarda sumalak pishirishga kirishildi.
Bitar ishning boshiga botir kelar qoshiga, deyilganidek, so‘nggi yillarda nafaqat Navro‘z, shu bilan bir qatorda boshqa tadbirlarga ham hozirlik ko‘rish va yuksak saviyada o‘tkazish kabi tashkiliy ishlarda O‘zMU Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi mas’ul xodimlarining xizmatlarini barcha birdek e’tirof etmoqda. Shu bilan bir qatorda har bir fakultet dekani, o‘rinbosarlari, mas’ul xodimlari va faol talabalar ham shijoat bilan ishlaganlari e’tiborga molikdir.

Jahonning shodligi yig‘ilsa butkul, degan satrlarga monand manzarani bu kun aynan «Yoshlik» shaharchasida ko‘rish mumkin. Agar tepadan razm solinsa, Navro‘zning butun fayzu tarovati shu go‘shaga jam bo‘lgandek.
Talabalar turar-joylari tevarak-atroflari chinakam Navro‘z sayliga hoziru nozir bo‘ldi. Doshqozonlarga solingan bug‘doy sharbatini qo‘lma-qo‘l qo‘zg‘ash boshlandi. O‘choq boshida tajribali onaxon ustozlar turdilar, o‘lanlar aytildi. Yigit-qizlar qo‘lma-qo‘l kapgir aylantirishgach, sho‘x-shodon yallalarga raqsga tushdilar. Tongga yaqin sumalak ham tayyor bo‘ldi.
Har bir fakultet ijodkor talabalari tomonidan tayyorlangan devoriy gazetalarda olam-olam ma’no mujassam.
Erta tongdan boshlangan Navro‘z sayli barchaga olam-olam zavq bag‘ishladi. Shu tariqa «Har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!» shiori ostida bayram sayllari o‘tkazildi.
Navro‘z sayliga bahoriy taom – sumalak solish bilan start berildi. An’anaga muvofiq sumalakka universitet faxriy ustozlari, oqsoqol pedagoglar oq fotiha berdilar.

Bayram tantanalari ochilish marosimida universitet rektori Inomjon Madjidov va Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari – «Yoshlik» shaharchasi hokimi Ziyodullo Sa’dullayevning tabrigi professor-o‘qituvchilar, talabalar va mehmonlarga ko‘tarinki ruh baxshida etdi.
Bayram saylida har bir fakultet talabalarining 12 ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Markaziy Osiyo xalqlarining urf-odatlari, milliy liboslari, qadriyatlari hamda bahoriy kayfiyat ulashuvchi devoriy gazetalari, shuningdek quy-qo‘shiqlari sadolari ostida sahna ko‘rinishlari barchaga zavq ulashdi.
Bayram tadbirida talabalar 3 ta shart bo‘yicha, ya’ni talabalar turar joylari hududida fakultetlarga taqsimlangan viloyatlarning urf-odatlari va an’analari namoyishi, «Mohir oshpazlar» va «Yurtimizda Navro‘z!» mavzusidagi devoriy gazetalar tanlovi bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.

Epchil, chaqqon va zukko talabalarning kurash, arqon tortish, shaxmat va shashka musobaqalarini hayajon ila kuzatganlar, ularga hamisha g‘oliblik shohsupasida bo‘lishlarini tilab qoldilar.
Milliy bayramlaru ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda kelin salom marosimi bugungi sayqal topayotgan to‘ylarimizga payvasta ekanligi ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
Iqtidorli talabalarning rassomchilik san’atini ko‘rib, diling yayraydi.

Arqon tortish bellashuvlarini hayajonsiz kuzatib bo‘lmaydi.
– Navro‘z bayrami yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o‘rni va roli g‘oyat ulkandir, – deydi Jurnalistika fakulteti O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, professor Hamidulla Boltaboyev. – Uning zamirida xalqimiz tarixi, falsafasi, qadriyatlari o‘z ifodasini topgan. Navro‘zda – tun bilan kun teng keladi. Bobokalonlarimiz, aynan mana shu kuni samoviy jismlar harakatida ulkan burilish yasaladi, tabiatda jonlanish yuz beradi deb, uqtirib kelishgan. Zamonaviy ilm-fan bu qarashlar, bu hayotiy bilim mukammal darajadagi aniqlikka ega ekanligidan hamon hayratga tushmoqda. Qadimda Navro‘z keng dala qirlar, tog‘lar, bog‘lar qo‘ynida butun elu ulus bilan birgalikda nishonlangan. Bugun ana shu qadriyatga aylangan an’analarni o‘zimizning «Yoshlik» shaharchasida ko‘rib, uning jozibasi va tarovatini his etib turibmiz. Navro‘z haqida tarixiy, adabiy manbalar ko‘p.

– Mahmud Qoshg‘ariy, Beruniy, Umar Xayyom, Alisher Navoiy kabi allomalarimizning asarlarida va boshqa manbalarda Navro‘z bayrami, u bilan bog‘liq urf-odatlar haqida ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan, – deydi Jurnalistika fakulteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi Shavkat Miralimov. – Abu Rayhon Beruniy o‘zining «Qadim xalqlardan qolgan yodgorliklar» deb nomlangan asarida bu bayramning tarixi haqida fikr yuritadi. Yil fasllari almashinuvi, taqvim va hisoblari avloddan-avlodga turli maqol, matal, topishmoq, naql va afsonalar shaklida meros bo‘lib o‘tadi. Bularning barchasi talabalarimiz uchun katta saboqdir.
So‘zimizni aziz nuroniylar va katta avlod vakillarining «oltin davri» o‘tgan «Yoshlik» Talabalar shaharchasini sog‘inib yashashlari haqidagi muxtasar fikrlarimiz bilan boshlagan edik.
Xulosa o‘rnidagi so‘zimiz shulki, bugungi talabalarimiz ham hademay –hayotda munosib o‘rnilarini topganlarida, keksalik bog‘lariga yetganlarida bu kunlarni entikib eslaydilar.
Faqat, bu baxtiyor yoshlarning «oltin davri» ota-onalari va ustozlari ko‘rgan kunlardan ming karra a’lo, sermazmun va jannatmonanddir.
Mahliyo MIRSOATOVA,
Jurnalistika fakulteti dekani
To‘lqin ESHBEK,
xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi deputati