Yoshlarning ta’lim olish huquqlari kafolatlangan
Yoshlar — katta kuch, mamlakatimiz ertasining poydevori.
Ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, bugungi muhim siyosiy jarayonlarda yoshlarning fikr va munosabatini o‘rganish dolzarb ahamiyatga ega. Ta’kidlash joizki, ayni kunlarda avj pallasiga chiqqan Konstitutsiyaviy islohotlar davomida yurtimiz yoshlari faol, uyg‘oq va tashabbuskor bo‘lib turipti.
G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali talabalari ishtirokida “Konstitutsiyaviy islohotlarning bosh maqsadi – inson qadri, xalq manfaatini amalda ta’minlashdir” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti vakillari, talabalar, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlis avvalida Yoshlar parlamenti raisi Shahnoza Joldasova Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonining borishi, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati hamda mamlakatimiz Prezidentining shu yil 20 iyun kuni Komissiya a’zolari bilan uchrashuvida ilgari surgan takliflari xususida batafsil ma’lumot berdi.
— Ayni kunlarda Konstitutsiyaviy islohotlar qizg‘in pallaga kirdi, — dedi Sh.Joldasova. — Ta’kidlash kerakki, fuqarolardan kelgan takliflar hamda davlatimiz rahbarining komissiya a’zolari bilan uchrashuvda ilgari surgan taklif va g‘oyalari “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida o‘z aksini topdi. Xususan, davlat har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishi uchun davlatga qarashli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida uning umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlash, iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’limni davom ettirishini kafolatlash kabilar mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada o‘zini o‘zi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega bo‘lishi kabi takliflarni alohida e’tirof etish joiz.
Talaba-yoshlar bu kabi takliflarni qo‘llab-quvvatladilar. Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni izchillik bilan davom ettirishda huquqiy poydevorni yanada mustahkamlash eng ustuvor vazifa. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarda aholining qariyb 60 foizini tashkil etuvchi yoshlarning ishtiroki hamda takliflari muhim. Yoshlar, xususan, Yoshlar parlamenti bu jarayonda asosiy lokomotiv vazifasini o‘tashi hamda parlamentga yoshlarning huquq va manfaatlarini konstitutsiyaviy islohotlarda aks ettirishda yordamchi bo‘lishi zarur.
Muhokamalar jarayonida so‘zga chiqqan yoshlar xalqimiz, xususan, yosh yigit-qizlar yangi davrdagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmasdan, o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, mamlakatda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilayotganligi hamda konstitutsiyaviy islohotlarni xayrixohlik va yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlayotganini alohida ta’kidladilar. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.
M.Komilova, O‘zA