Yoshlarning startap loyihalari o‘rmon xo‘jaligi sohasida joriy etiladi
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi o‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, agentlik huzuridagi o‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi rahbari Odilxon Yo‘ldoshxonov va “Innovation Group” startap loyihasi tashabbuskorlari o‘rtasida ikkita innovatsion loyihani sohaga keng joriy etish maqsadida anglashuv memorandumi imzolandi.
“Smart Forestry” deb nomlangan birinchi startap loyihasi bugun butun dunyoda iqlim o‘zgarishlari oqibatlari xavfi ortib borayotgan bir paytda hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, yangi o‘rmonzorlar barpo etish va o‘rmon yong‘inlarining oldini olish kabi foydali jihatlari bilan ajralib turadi. Mazkur loyiha ustida 10 nafardan ziyod salohiyatli yoshlar guruhi ishlamoqda.


– Loyiha amaliyotga joriy etilganidan so‘ng avtomatik ravishda o‘rmon yong‘inlari erta aniqlanadi va mas’ul tuzilmalar xabardor qilinadi – deydi startap guruhi rahbari Akbarali Turdiyev. – Mavjud daraxt va butalarning holati kuzatiladi, kesilishining oldi olinadi. Ko‘chatxonalarda sun’iy intellekt yordamida nihollarning parvarish qilinishi, me’yorida sug‘orilishi tizimli tashkil etiladi.


Ikkinchi startap loyihasi 4 nafar qoraqalpog‘istonlik izlanuvchan talaba-yoshlarga tegishli. Loyiha guruhi rahbari Hurliman Seytniyazovaning ta’kidlashicha, yoshlar bugun Turon guli daraxtining Orolbo‘yi mintaqasi iqlimiga mos navlarini ko‘paytirish bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda. Cho‘l hududlarida tez rivojlanib o‘sadigan ushbu daraxt o‘rtacha 120-150 yilgacha umr ko‘radi, 15-20 metrgacha o‘sadi. Muhimi, suvsizlikka chidamli. Turon gulining ko‘paytirilishi chang hamda qum bo‘ronlarining oldini olish, atmosfera havosining tozaligini ta’minlashga xizmat qiladi. Yosh tadqiqotchilar Turon guli daraxtining tanlangan navlarini keng hajmda ko‘paytirib, yaqin yillarda Nukus shahrining “Yashil belbog‘i”ni barpo etishni maqsad qilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari