Yoshlarning hayot ko‘nikmasi yanada oshdi
Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida istiqomat qiluvchi, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan 100 nafar yoshlar uchun tashkil etilgan 10 kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘ini yakunlandi. Ushbu o‘quv-yig‘ini viloyat harbiy ma’muriy sektori hamda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan tashkil etildi.
Sharof Rashidov tumanidagi “n” harbiy qismda o‘tkazilgan tadbir davomida o‘quvchilar milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan askar va ofitserlarning hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Chunonchi, yig‘in qatnashchilariga harbiy qurol-yarog‘lar va texnikalar haqida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, jangovor sport o‘yinlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda kasbga yo‘naltirishga qaratilgan treninglar o‘tkazildi. Shuningdek, Jizzax shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi tomonidan elektr, payvandchilik, santexnika ustalari, issiqxona qurish va mahsulot yetishtirish yo‘nalishlarida kasbiy mahorati oshirildi.
“Jasorat maktabi” ning tantanali yopilish marosimida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy armiyamizda ham o‘zining yorqin samaralarini berayotgani, ushbu o‘quv-yig‘inida olingan bilim va ko‘nikmalar hayot maktabi vazifasini o‘tashi ta’kidlandi.

So‘ngra mini futbol bo‘yicha viloyat hokimi kubogi, harbiy sport estafetasida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni sovrini, stol tennisi bo‘yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i kubogi, milliy kurash bahslari davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i kubogi musobaqalari hamda “Zakovat” intellektual o‘yini g‘olib va sovrindorlariga diplom, kubok, medal, qimmatbaho hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Ushbu tadbirda Jizzax viloyati hokimi E.Saliyev ishtirok etdi.

Tantanali tadbir orkestr sadolari ostidagi harbiy xizmatchilar hamda “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘ini ishtirokchilarining minbar oldidan saf tortib o‘tishi bilan nihoyalandi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA