Yoshlarga yo‘l ochuvchi muhim qadam
Buxoroda davlat oliy ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” va “Karera kuni – 2026” tadbirlarida viloyatda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari, abituriyentlar, bitiruvchi sinf o‘quvchilari, talabalar, oliygoh bitiruvchilari, ish izlovchi yoshlar hamda turli tashkilot va muassasalardan ish beruvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash va mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasida mutasaddi tashkilotlarga aniq va amaliy topshiriqlar berdi.
Tadbir doirasida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi tibbiyot muassasalari tomonidan tibbiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi talabalar bilan kelgusida ish faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida dastlabki kelishuvlar va mehnat shartnomalari imzolandi.
[gallery-28791]
Ishtirokchilar ta’lim yo‘nalishlari, zamonaviy mutaxassisliklar, ayniqsa, tibbiyot sohasidagi yangi yo‘nalishlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ham ega bo‘ldi. 2026/2027 o‘quv yili qabuli, qabul kvotalari, ta’lim shakllari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Oliy ta’lim muassasalarida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, klinik bazalar va infratuzilma namoyish etildi.
Tadbir davomida professor-o‘qituvchilar, malakali mutaxassislar va ish beruvchilar ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etildi. Ayniqsa, talabalar va bitiruvchilar uchun bu muhim imkoniyat bo‘lib, ular o‘zlari uchun munosib ish o‘rinlarini tanlash, ish beruvchilar bilan bevosita suhbatlashish va kelgusidagi mehnat faoliyatini belgilab olish imkoniga ega bo‘ldilar. Qo‘shni viloyatlardan kelib tahsil olayotgan talabalar ham mazkur jarayonda faol ishtirok etdi.
Buxoro viloyatida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” va “Karera kuni – 2026” tadbirlari yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini boyitish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash hamda ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.