Yoshlar yetakchilari uchun seminar-trening
FOTOREPORTAJ
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi bilan hamkorlikda tumandagi yoshlar yetakchilari uchun seminar-trening o‘tkazdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan seminarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Nargiza Rahmatullayeva, tuman hokimi o‘rinbosari Anvar Rajabov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Muhayyo Hamroyeva tomonidan yoshlar yetakchilari uchun mahorat darslari olib borildi.
– Vatani, millatiga cheksiz sadoqatli, o‘z millati qadriyatlari, an’analari, urf-odatlarini asrab-avaylaydigan, o‘zining yuksak ma’naviy-axloqiy, g‘oyaviy-mafkuraviy sifatlarini shakllantirib, takomillashtirib boradigan shaxslarni tarbiyalash muhim masala, - deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Nargiza Rahmatullayeva. – Yoshlar yetakchilariga ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni tashkil etish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar, ya’ni yurtimiz rivoji uchun tashabbuskorlikni kuchaytirish, jamiyatda ijodiy muhitni yaratish, har bir xodimda tevarak-atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan daxldorlik hissini uyg‘otishda yo‘l ko‘rsatish asosiy vazifamizdir.
Tadbirda so‘z olganlar iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimini oshirish, ularni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish, ushbu o‘yinlar tashkil qilinishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratish lozimligi xususida ham o‘z fikrlarini bildirdi.
Seminar davomida tashkilotchilar tomonidan yoshlar yetakchilariga kerakli targ‘ibot va tashviqot materiallari topshirildi.
Mahorat darslarining amaliy ifodasi sifatida tumandagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Zakovat, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon” tanlovlari o‘tkazildi.
Tanlov g‘oliblariga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Yoshlar yetakchilariga ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni tashkil etish borasidagi bu kabi seminar-treninglar viloyatning barcha hududlarida o‘tkazilishi belgilangan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat),O‘zA