Yoshlar yetakchilari uchun o‘quv-seminar
Xorazm viloyatidagi harbiy qism va muassasalardagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari bilan boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi va vazifalari, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati hamda ularning kasb malakasini yaxshilash, faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Unda “Yoshlarimiz ma’naviyati va intellektual salohiyatini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning dolzarb masalalari” mavzuida ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, yil davomida viloyatda amaliy sayohatlar, turli konsert dasturlari, o‘quv -seminarlar, sport musobaqalarini tashkil etish, mazkur jarayonlarni belgilangan dastur bo‘yicha olib borish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
– Joriy yilda ham viloyatimizda yoshlar yetakchilari va tegishli mas’ullar ishtirokida “Yoshlar murojaatlari bilan ishlash”, “Besh tashabbus loyihalari”, “Yoshlar daftari tizimining maqsadi”, “Og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlash”, “Bandlik dasturi bilan ishlash”, “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Uz Chess” hamda “Qizlar akademiyasi” kabi ko‘plab loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Muloqotlarimiz doirasida yoshlar yetakchilarining tajribasini oshirish, ular bilan hamkorlikda yoshlarning tashabbus va takliflarini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi boshlig‘i Timur Jumaniyozov.
[gallery-22154]
O‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar yoshlar yetakchilarining iqtidor va ijodiy salohiyatini namoyon etishi uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari