Yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari
Bugungi kunda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijalari tuman va mahallalarda ham yaqqol sezilmoqda. Har bir hududda yangi ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilayotgani, yosh tadbirkorlarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotgani iqtisodiyotimizda muhim o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining Yangizamon mahallasida istiqomat qiluvchi Bobur Jumayev ham mana shunday tashabbuskor yoshlardan. U hokim yordamchisining tavsiyasi bilan 100 million so‘m imtiyozli bank krediti hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sex tashkil etdi.

Sexda bugungi kunda shlakoblok mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Qurilish sohasi rivojlanib borayotgan hozirgi sharoitda bu mahsulotlarga talab yuqori bo‘lib, ichki bozor ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi kunda korxonada 6 nafar mahalliy yoshlar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. Bobur Jumayevning aytishicha, kelgusida ishlab chiqarish hajmini kengaytirib, qo‘shimcha 4 ta yangi ish o‘rni yaratishni ham rejalashtirgan.

– Maqsadimiz nafaqat oilamiz daromadini oshirish, balki mahalladoshlarimizni ham ish bilan ta’minlash. Bugun boshlagan ishimizni ertaga kengaytirib, yangi uskunalar olib kelishni, seximiz faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yishni ko‘zlayapmiz. Yaratilgan imkoniyatlar va berilayotgan imtiyozlar biz yosh tadbirkorlar uchun katta dalda bo‘lyapti, –deydi Bobur Jumayev.

Darhaqiqat, bunday tashabbuslar nafaqat bir oilaning turmush darajasini yaxshilash, balki butun mahallaning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda. Ish o‘rinlari yaratilishi, yoshlarning bandligi ta’minlanishi va mahalliy mahsulot ishlab chiqarilish bularning barchasi mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi muhim qadamlardan.
Zarif Komilov, O‘zA