Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar
Buxoro viloyatida yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlash, ularning media sohadagi qobiliyatlarini rivojlantirish borasida yana bir muhim qadam tashlandi. “Kelajak” markazida zamonaviy Podcast xonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur studiya nafaqat texnik jihatdan yuqori darajada jihozlangani, balki yoshlar uchun erkin fikr almashish va ijod qilish maydoni sifatida ham alohida ahamiyatga ega.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, oliy toifali suxandon Dildora Rustamova hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teleboshlovchi Rixsitilla Abdullayev yangi studiyaning ahamiyati haqida fikrlar bildirdi. Ular podkasting bugungi kunda axborot tarqatishning eng samarali va ta’sirchan vositalaridan biriga aylanganini ta’kidlab, yoshlarni ushbu imkoniyatdan unumli foydalanishga chaqirdi.

Shundan so‘ng o‘quvchilar ishtirokida samimiy muloqot tashkil etildi. Unda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, media sohasidagi ilk qadamlar, nutq madaniyati va ijodiy yondashuv haqida qimmatli tavsiyalarga ega bo‘ldi.
– Bugungi kunda yoshlarning fikri, g‘oyasi va tashabbusini qo‘llab-quvvatlash – eng ustuvor vazifalarimizdan biri, – deydi viloyat “Kelajak” markazi rahbari Muhammadjon Komiljonov. – Ushbu podkast studiyasi orqali ular o‘z iqtidorini namoyon etadi, jamiyatga o‘z fikrini erkin yetkazadi. Bu yerda tug‘ilgan g‘oyalar kelajakda katta loyihalarga aylanishiga ishonamiz.

Haqiqatdan ham, ushbu studiya yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Endi ular zamonaviy texnika va qulay muhitda o‘z dasturlarini tayyorlab, keng auditoriyaga taqdim etish imkoniga ega. Bu esa nafaqat shaxsiy rivojlanish, balki milliy media makonining yanada boyishiga ham xizmat qiladi.
“Kelajak” markazidagi Podcast xonasining ochilishi yoshlar ijodini rag‘batlantirish, ularning ovozini jamiyatga yetkazish va yangi avlod media vakillarini tarbiyalash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.