Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini qamrab olgan. Ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada hududlarda tashkil etilayotgan “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tashkil etilgan ana shunday zonada ham bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Viloyat prokurori Abduqahhor Mullajonov va viloyat IIB boshlig‘i Azat Tasbayev mazkur hududda bo‘lib, olib borilayotgan ishlarni o‘rganish jarayonida tadbirkorlar bilan suhbatda bo‘ldi.

Uchrashuv davomida tashabbuskor yosh tadbirkorlarning muammolari o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur zonada umumiy qiymati 51,2 milliard so‘mlik 43 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Eng muhimi, bu loyihalar orqali 300 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bu esa nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki aholi bandligini ta’minlash, yoshlarning daromad manbaiga ega bo‘lishi kabi muhim masalalarni hal etishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA