"Yoshlar oyligi" doirasida o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida “Yoshlar oyligi” doirasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Bayramona ruhda o‘tgan mazkur tadbirda shahar aholisi, faol yoshlar, mahalla yetakchilari hamda poytaxtdan tashrif buyurgan mehmonlar faol ishtirok etdi.
Sirdaryo viloyati hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov hamda agentlik direktori Alisher Sa’dullayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni kelayotgan 30 iyun – Yoshlar kuni bilan samimiy muborakbod etdilar. Shuningdek, yoshlar siyosatini amalga oshirishda faollik ko‘rsatayotgan, tashabbuskor va mas’uliyatli mehnati bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan bir guruh yoshlar Sirdaryo viloyati hokimligi va Yoshlar ishlari agentligining tashakkurnomalari bilan taqdirlanishdi.
Tadbirning madaniy qismida taniqli san’atkorlar, professional raqs jamoalari hamda iqtidorli yoshlar ishtirok etib, Vatan, tinchlik, yoshlik va milliy qadriyatlar mavzusidagi jonli ijrolari orqali tomoshabinlarga samimiy va yuksak ruhiy kayfiyat ulashdi.
Guliston davlat pedagogika institutining 3-bosqich talabasi Shohjahon Hamdamov tadbir haqida o‘z fikrini bildirib, shunday dedi:
– Bunday madaniy tadbirlar biz yoshlarga kuch-g‘ayrat va yangi maqsadlar sari intilish uchun ruhiy ozuqa bo‘ladi.
[gallery-23867]
Tashkilotchilar ta’kidlashicha, “Yoshlar oyligi” doirasida shunga o‘xshash tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida izchil ravishda davom ettiriladi. Bunday tashabbuslardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodni ma’naviy jihatdan barkamol, ijtimoiy faol va Vatan ravnaqi uchun mas’uliyatli shaxslar sifatida tarbiyalash, ularning iqtidor va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri