Yoshlar mamlakatimizning eng katta boyligi
Buxoro shahrida sektorlar rahbarlari yoshlar bilan uchrashdi. Unda yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar o‘rganildi. Qiziqishlari, kelgusidagi rejalari haqida fikr almashildi. Uchrashuvda 400 nafardan ziyod yoshlar qatnashdi.
O‘zaro muloqot davomida Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov bugungi kunda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi sifatida buxorolik yigit-qizlar qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlar haqida gapirdi. Ular mamlakatimizning eng katta boyligi, bebaho xazinasi ekanligini ta’kidladi. Hayotda endigina o‘z yo‘lini izlayotgan, har bir imkoniyatga umid bilan qarayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ularga o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.


Uchrashuvdan so‘ng, tadbirning ikkinchi qismi boshlandi. 2023-2024 yillarda umumta’lim maktablarini oltin va kumush medallar bilan tamomlagan o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Joriy o‘quv yilida Buxoro shahridagi umumta’lim maktablarini 3438 nafar o‘quvchi tamomlagan. Ularning 209 nafari oltin, 8 nafari kumush medal sohibiga aylandi. Tantanali taqdirlash marosimi hayajonlarga boy kechdi. Buxoro shahar sektorlar rahbarlari tomonidan medallar o‘z egalariga topshirildi.


– Bugun yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urilmasin, avvalo, ertamiz egalari yoshlarga, barkamol avlod egalari kuch-g‘ayratiga, azmu shijoatiga suyanilayotgani o‘z samarasini bermoqda, –deydi Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov. – Bugun qat’iy ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda fidoyi va vatanparvar yoshlar mamlakatimiz Prezidentiga kamarbasta bo‘lib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.


Binobarin, har bir inson kelajagini o‘z qo‘li, iqtidori va iste’dodi bilan yaratadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “O‘g‘il-qizlarimiz xalqimizning oltin fondi, Uchinchi Renessans bunyodkorlaridir. Yangi O‘zbekistonning kelajagi hisoblangan bunday fidoyi, bilimli, zukko va vatanparvar o‘g‘il-qizlarimiz barchaga namuna bo‘ladi”.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.