Yoshlar ixcham va kamxarj to‘y tarafdori
Sir emas, oramizda ixchamlashtirilgan to‘y tarafdorlari bilan bir qatorda hoyu havas ortidan dabdabali to‘yni orzu qiluvchilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.
Sir emas, oramizda ixchamlashtirilgan to‘y tarafdorlari bilan bir qatorda hoyu havas ortidan dabdabali to‘yni orzu qiluvchilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Xo‘sh, bu borada taraflarning qaysi birining yuki og‘irroq? Ayniqsa, yoshlar bu borada qanday fikrda?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan Toshkent davlat agrar universitetida tashkil etilgan tadbirda yoshlarning shu haqdagi fikr-mulohazalari tinglandi.
“Namunali to‘y va marosimlar – jamiyat ko‘rki” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda asosiy e’tibor to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni tartibli o‘tkazishga qaratilib, bu borada yoshlarning fikri o‘rganildi.
Jumladan, 1 ming 500 nafar talaba o‘rtasida to‘ylarni ixchamlashtirish yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomada ishtirok etgan yoshlarning aksariyat qismi nikoh to‘ylarini ixchamlashtirish borasidagi qonun hujjatlarini ma’qullab, ijobiy fikr bildirdi.
Tadbir doirasida shuningdek, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi, “Nuroniy“ jamg‘armasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bilan hamkorlikda to‘ylarni ixchamlashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, milliy urf-odatlarimiz mujassamlashgan, kamxarj, zamonaviy to‘y loyihasi ishlab chiqilib, loyiha asosida viloyatning 4 ta hududida joriy yil yakuniga qadar namunali to‘y o‘tkazish rejalashtirildi.