Yoshlar bilan muloqot
Buxoro davlat tibbiyot instituti huzuridagi Akademik litseyda “Prokuror, rektor, deputat va bitiruvchi yoshlar” mavzusida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni litsey direktori, Buxoro shahar Kengashi deputati Ra’no Ismatova ochdi.
–Bugungi kunda yoshlarning to‘g‘ri yo‘l tanlashi, ularning bilimli va ma’naviyatli bo‘lib voyaga yetishi jamiyat taraqqiyotining asosiy omillaridan biridir. Shu bois, bunday uchrashuvlar orqali ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash bizning eng muhim vazifalarimizdan sanaladi, –dedi direktor. U yoshlarni faqat bilim olish bilan cheklanib qolmasdan, jamiyat hayotida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Buxoro viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov o‘z chiqishida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, yoshlarni turli tahdid va yot g‘oyalardan himoya qilishda ta’lim muassasalari, ota-onalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shuningdek, u har bir yosh o‘z huquq va burchlarini yaxshi bilishi kerakligini alohida urg‘uladi.
Institut rektori Shuhrat Teshayev esa o‘z nutqida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, kredit-modul tizimi, tibbiyot ta’limining o‘ziga xos jihatlari va talabalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, chet tillarini puxta o‘rganish va doimiy o‘z ustida ishlash — muvaffaqiyatning eng muhim sharti ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida o‘quvchilar tomonidan turli taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, talabalar yotoqxonasida yashovchi bitiruvchi yoshlar litsey hududida zamonaviy sport maydonchasi qurish taklifini bildirdi.

Mazkur tashabbus mutasaddilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, yozgi sport maydonchasini barpo etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi va ijrosi nazoratga olindi. Bu esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim qadam bo‘ldi.
Tashrif chog‘ida bitiruvchi yoshlarga kamida ikkita xorijiy tilni mukammal egallash, ekologik madaniyatni oshirish, tabiatni asrash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabi muhim masalalar yuzasidan ham atroflicha tushuntirishlar berildi.
Mutaxassislar tomonidan bugungi globallashuv davrida tilni bilgan va ekologik ongi yuqori bo‘lgan yoshlargina raqobatbardosh bo‘la olishi ta’kidlandi.

Uchrashuvning eng qiziqarli qismi savol-javoblar bo‘ldi. O‘quvchilar oliy ta’limga kirish tartibi, tibbiyot yo‘nalishlari, grant va kontrakt imkoniyatlari, kelajakdagi kasbiy yo‘nalishlar haqida ko‘plab savollar bilan murojaat qildi.
Mutaxassislar tomonidan berilgan aniq va asosli javoblar yoshlarda katta qiziqish va ishonch uyg‘otdi.
Mazkur uchrashuv yoshlar uchun nafaqat axborot manbai, balki ularning hayotiy qarashlari va maqsadlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri