Yoshlar bandligi – ustuvor masala
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi tomonidan «Yoshlarni ish bilan ta’minlashning dolzarb masalalari» mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi tomonidan «Yoshlarni ish bilan ta’minlashning dolzarb masalalari» mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Unda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, shahar hokimligi, prokuraturasi, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hududiy kengashi mutaxassislari, yoshlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, yoshlar bandligini ta’minlash, xotin-qizlarni foydali mehnatga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yoshlarni layoqati va mutaxassisligiga mos ish bilan ta’minlash, ularning mehnat jamoalariga moslashuviga ko‘maklashish, aholi va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlat va nodavlat tashkilotlar hamda tijorat banklari tomonidan yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish va ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan loyihalar, mehnat yarmarkalari, biznes g‘oyalar tanlovlari va viktorinalar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Davra suhbatida 2014-yilda istiqbolli biznes g‘oyalarni hayotga tatbiq etish maqsadida kollej bitiruvchilariga 200 milliard so‘mlik imtiyozli mikrokreditlar ajratilgani, bu 2013-yilga qaraganda 1,4 barobar ko‘pligi ta’kidlandi.
– Joriy yilda poytaxtimizdagi kasb-hunar kollejlarini 25 mingdan ziyod yigit-qiz tamomladi, ularning 17 mingdan ziyodi ish bilan ta’minlandi, – deydi Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi mutaxassisi Shirinbek To‘ychiboyev. – Qolgan bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Bunda yoshlarni kasbga yo‘naltirish, korxona va tashkilotlar, kasbiy qayta tayyorlash, qo‘shimcha ta’lim markazlari faoliyati, bo‘sh ish o‘rinlari haqida xabardor etish maqsadida muntazam tashkil etilayotgan yarmarkalar muhim ahamiyatga ega.
Tadbirda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada rivojlantirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga doir qator takliflar bildirildi, jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.