Yoshlar bandligi – dolzarb masala
AOKAda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Faxriddin Hayitov ishtirokida “Yoshlar bandligi dasturi” doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu dastur yoshlarni kasbga tayyorlash va bandligiga ko‘maklashish maqsadida vazirlik tasarrufidagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida ishlab chiqilgan. O‘rta toifadagi yoshlar bo‘yicha namunaviy “Yo‘l xarita”si tayyorlanib, hududlarga ijro uchun yetkazilgan.
Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, “Yoshlar bandligi dasturi” ijrosi bo‘yicha tuman (shahar) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklash bo‘limlari va Yoshlar ishlari agentliklarining hududiy bo‘limlari hamkorligida jami 342 ming nafardan ziyod ishsiz yoshlarga bandlikka ko‘maklashish va tadbirkorlik faoliyatini boshlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatildi.
110 ming 200 nafar yoshlar korxona va tashkilotlardagi bo‘sh (vakant) va kvota ish o‘rinlariga ishga joylashtirildi. Ularning 19 ming 700 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 55 ming 600 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitildi.
Joriy yilning shu davriga qadar Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasidan 46 ming 73 nafar ishsiz yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 212 mlrd. so‘m, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan 946 ta ish beruvchi korxonaga 4 ming 370 nafar fuqaroni ishga qabul qilganligi uchun 19 yarim mlrd. so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari ajratildi.
121 ming 500 nafar yoshlarga 2 milliard 650 ming so‘m oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida yagona elektron platforma orqali imtiyozli kreditlar ajratildi. 17 ming 100 nafar yoshlarga 7 ming gektardan ortiq yer maydoni uzoq muddatlarga ijaraga berildi. 12 ming nafarga yaqin ishsiz yoshlar ijtimoiy himoyaga olinib, ularga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. Chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan 9 ming 203 nafar fuqaro xorijiy davlatlarga tashkiliy tarzda yuborilgan.
Bundan tashqari, 2023 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan 24 ming 452 nafar shaxslardan 1 ming 293 nafari harbiy qismda qolib shartnoma asosida xizmatni davom ettirmoqda. Xizmatdan qaytgan harbiy xizmatchilarning 11 ming 911 nafarini doimiy ishlarga joylashtirish orqali bandligi ta’minlanib, shundan 2 492 nafari oliy va oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan.
Shuningdek, 2 ming 797 nafar yoshlar qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga hujjat topshirgan. Muddatli harbiy xizmatdan qaytgan yoshlarning 5 ming 70 nafari bugungi kunda norasmiy band hisoblanadi. Ushbu yoshlarning 749 nafari kasb-hunarga tayyorlash markazlarida qisqa muddatli kurslarda o‘qitilib, bandligi ta’minlangan. Ishsiz yoshlarning 1 ming 69 nafari chet elga chiqib ketishi, vafot etishi va boshqa qator sabablarga ko‘ra, hisobdan chiqarilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA