Yosh xodimlar uchun o‘quv seminari
Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin. Eng avvalo, shuni ta’kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashning sifat va son jihatdan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilishi Prezidentimizning siyosiy irodasi mahsulidir. Jumladan, davlat rahbarining jamiyatni “halollik vaksinasi bilan emlash” zaruriyati haqidagi fikrlari bu boradagi ishlarga qo‘yilgan tamal toshi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ta’kidlash joiz, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yo‘li davlat organlari faoliyati va ish jarayonlari shaffofligini oshirish, ishga qabul qilish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni ta’minlashdir.
“O‘zmilliybank” AJga 2023 yilda ishga qabul qilingan yosh xodimlari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish” mavzusida o‘tkazilgan o‘quv-seminarida shular haqida so‘z bordi. Yaqinda ish boshlagan xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda bu borada ularning bilim va malakalarini oshirish maqsadida tashkil etilgan seminarda bankning Bosh ofisi va barcha hududiy tuzilmalarida faoliyat yuritayotgan 400 nafardan ortiq xodimlari ishtirok etdi.
[gallery-13678]
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi katta prokurori X.Tursunbekov tomonidan ishtirokchilarga mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan davlat siyosati, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun va qonunosti hujjatlarining mazmun va mohiyati xususida tushunchalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda qonunchilik asoslari, respublikada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ishlar, mavjud kamchiliklar hamda tashkilotlardagi ushbu yo‘nalishdagi muammolar haqida to‘xtalib o‘tildi. Korrupsiyaning oldini olishda mas’ul xodimlarning vazifalari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
– Seminar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar, ishlab chiqilayotgan hujjatlar, bu borada amaliy hamkorlik masalalari xususida tushunchaga ega bo‘ldik, – dedi bankning Xodimlar bilan ishlash departamenti birinchi toifali mutaxassisi Nigina Sayidova. – Shuningdek, tadbir davomida nafaqat bank sohasida, balki, mamlakatimizning boshqa ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy faoliyatida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni chuqur tahlil qilib, ularni o‘zimizning amaliyotimizda qo‘llashni o‘rgandik.
Tadbirda bankning yosh xodimlari amalga oshirilayotgan keng qamrovli va aniq manzilli targ‘ibot-tashviqot ishlarida faol ishtirok etishlari lozimligi uqtirildi hamda ijro etilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan amaliy tajriba va metodik qo‘llanmalar asosida maslahatlar berildi.
Seminar yakunida mavzu yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.
Gulnoza Boboyeva,
Davron Ernazarov(surat), O‘zA