Yosh velosportchilar Bo‘stonliqda kuch sinashmoqda
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha V.Iskandarov xotirasiga bag‘ishlangan ochiq turnir o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, mamlakatimiz velosporti federatsiyasi, Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi hamda Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur musobaqada 73 nafar sportchi raqobatlashmoqda.
Musobaqaning guruh bahslarida Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi a’zosi Danil Yevdokimov 83 km masofani 2:03:39 vaqtda bosib o‘tib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda Umidjon Baxtiyorov kumush, Ulug‘bek Saidov esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Mamlakatimizda velosport turini yanada ommalashtirish, yoshlarni Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlariga qiziqtirish va iqtidorli sportchilarni saralash maqsadidan o‘tkazilayotgan ushbu musobaqa 3 martga qadar davom etadi.
J.Toshxo‘jayev, O‘zA