Yosh tumanning yangi sanoat korxonalari
Joriy yilning 19-20 iyun kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Jumladan, davlat rahbari viloyatda yangidan tashkil etilgan Ko‘kdala tumani ma’muriy markazidagi ulkan bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechirdi. Davlatimiz rahbari tuman markazida tashkil etilgan Yettitom kichik sanoat zonasida ham bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur kichik sanoat zonasidagi to‘rt gektar maydonda to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish va xo‘jalik mollari kabi yo‘nalishlarda qiymati 10 million dollarlik to‘qqizta kichik loyiha joylashtirilgan. Masalan, “Komfort Star New” korxonasida isitish qozonlari va boshqa temir mahsulotlar, “Komfort Industrial Aria”da chinni buyumlar ishlab chiqarilmoqda. Umuman, sanoat zonasida 600 dan ortiq doimiy ish o‘rni ochilishi mo‘ljallangan.
Kuni kecha biz ham ushbu sanoat zonasida bo‘ldik va u yerda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdik. Ulardan biri “Komfort Industrial Aria” MCHJ chinni mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxonadir.
– Bu yerga bir yil oldin kelganmiz, – deydi korxona ish yurituvchisi Sayidbek Temirov. – O‘tgan vaqt mobaynida pechkalarni qurdik, uskunalarni keltirib joylashtirdik. Ayni paytda ishni boshlab yuborganmiz. Davlatimiz rahbarining sharofati bilan ushbu sanoat zonasida biz kabi tadbirkorlarga barcha qulaylik yaratib berildi. Jumladan, gaz, elektr energiyasi va boshqa infratuzilmalar muhayyo.
Loyihani amaliyotga tadbiq etish jarayonida 35 ta yangi ish o‘rni yaratildi va mahalliy aholi vakillari ishga qabul qilindi.
– Uyimizga yaqin joyda mana shunday korxonaning ish boshlagani men kabi uyda o‘tirib qolgan xotin-qizlar uchun ayni muddao bo‘ldi, – deydi Dildora Tuymayeva. – Avvaliga mutaxasislardan chinni quyish sir-asrorlarini o‘rgandik. Mana bugungi kunda o‘zim bitta stanokni boshqaryapman.
Vodiydan kelgan usta-hunarmandlar tajribasidan foydalangan holda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan mazkur sexda bugungi kunda kuniga 15 mingtagacha choynak, piyola, kosa, tarelka va tovoq kabi 5 turdagi chinni mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
– Bir oydan buyon shu sexda ishlayman. Bu yerda mening vazifam chinni idishlarning naqshlari girdiga zarli chiziq chizish, – deydi Dilafro‘z Mamatova. – Ilgari hech qayerda ishlamasdim. Davlatimiz rahbari bilan yuz-yuz uchrashish baxtiga muyassar bo‘ldim. Maoshlarimiz vaqtida berilmoqda. Bu yerda ishchilar uchun hamma sharoit yaratilgan.
[gallery-24031]
Aytish joizki, ushbu chinni buyumlar ishlab chiqarish loyihasiga qariyb 8 milliard mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, shundan 7,5 milliard so‘mi tadbirkorning o‘z mablag‘i hisobiga shakllantirilgan. Hozir sexda ishlab chiqarilayotgan chinni mahsulotlari ichki bozorga chiqarilmoqda. U yerdagi ish hajmidan ko‘rinadiki, mahsulotlarga buyurtmalar ko‘p.
Korxona mas’ullarining ta’kidlashicha, kelgusida mahsulot turlari va ish o‘rinlarini yanada ko‘paytirish, mahsulotlar yetkazib berish geografiyasini bundanda kengaytirish maqsad qilingan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari